Navoiyning “Qizilqum” futbol klubi Superliga uchun qo`yilgan minimal talablarni birinchilardan bo`lib bajardi. Bunga qadar klub yillar davomida o`z futbol akademiyasini bunyod etish masalasini paysalga solib keldi. Endi esa “Qizilqum” O`FA qoshidagi bolalar va o`smirlar futbol akademiyasining Navoiy filiali bilan hamkorlik shartnomasiga ega.
O`tgan mavsumda “Qizilqum” klubining uy stadioni maysasi qoniqarli ko`rinishga keltirilgandi. Ayni vaqtda klub chimni yaxshi holatda saqlashning texnik choralarini ko`rgan. Stadionni yoritish tizimi minimum talabga mos keladi. PFL komissiyasi bu borada martga yaqin o`zining yakuniy xulosasini taqdim etadi.
Unga qadar esa “Qizilqum” o`z shtabi, futbolchilar, murabbiylarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin. Bunda klub PFL tomonidan taqdim etilgan shartnomalardan foydalanadi va reglamentda talab qilingan barcha shartlarga rioya qiladi.
Shuningdek, “Qizilqum” futbol klubi O`FA tomonidan jiddiy ogohlantiriladi. 2018 yil yakunlariga ko`ra OFK shubhali deb topgan o`yinlarning aksar qismida “Qizilqum” futbol klubining nomi ko`rsatilgan. Ular garchi faktlar bilan isbotlanmagan bo`lsa-da, bunday ro`yxatda bir klub nomining qayta va qayta kelishi juda shubhalidir. 2019 yilgi mavsumda klub rahbariyati bu masala yuzasidan tegishli choralarni ko`rmasa va ahvol shu taqlid davom etsa, O`FA jamoaga nisbatan jiddiy sanktsiyalar qo`llaydi. Buning uchun tashkilotga OFK tomonidan taqdim etilgan shubhalilar ro`yxatida bir necha bor qayd etilishning o`zi kifoya. “Qizilqum” Superliga talablarini qoniqarli bajargani kabi, sog`lom raqobat masalasida ham eng to`g`ri yo`ldan yurishi shart.