
O`tgan mavsumni “Navbahor” safida yakunlagan va ayni vaqtda kimga tegishli ekanligini o`zi ham bilmayotgan Aziz Turg`unboev masalasi atroflicha o`rganib chiqiladi.
Turg`unboevning PFL ro`yxatidan o`tkazilgan va “Navbahor”ga tegishli bo`lgan shartnomasi 2018 yilning noyabr oyi so`ngida o`z kuchini yo`qotgan. “Navbahor” va “Paxtakor” futbol klublari o`tgan yilning so`nggi oyida futbolchini PFL ro`yxatidan o`tkazishga urinib ko`rdi. Biroq transfer oynasi 17 dekabr sanasida ochilishidan kelib chiqib, PFL har ikki tomon shartnomasini ham qabul qilmadi.
Shu yilning 22 yanvar kuni “Paxtakor” Aziz Turg`unboev bilan 1 yanvar kuni tuzilgan shartnomani Chempionlar ligasi uchun ro`yxatdan o`tkazishga olib keldi. 28 yanvar kuni esa klub mazkur shartnomaga imzo qo`ygan futbolchi “Navbahor” safida xorij yig`inida ishtirok etayotgani yuzasidan shikoyat arizasi bilan PFL bosh direktoriga murojaat yo`lladi.
Mazkur shikoyat arizasi PFL tomonidan O`FAning “Futbolchilarning maqomi va o`tishi bo`yicha qo`mita”ga oshirildi. Komissiya tez kunlar ichida bu masala yuzasidan ish boshlaydi. Unda “Navbahor” va “Paxtakor” futbol klublari bosh hamda sport direktorlari, futbolchi Aziz Turg`unboevning o`zi va mazkur masala yuzasidan ma`lumotga ega deya tahmin qilinayotgan boshqa shaxslar ishtirok etadi.
Professional futbol ligasi mazkur masala yuzasidan ma`lumotlarni, faktlarni jamoatchilikka taqdim qilib boradi. Qolgan futbolchilar va klublar bunday vaziyatga tushib qolmasliklari yo`lida bu muhimdir. 2019 yilgi mavsumdan e`tiboran PFL shartnomalar masalasiga jiddiy e`tibor qaratmoqda. Tashkilot futbol klublari bilan shu yo`lda ishlash va shartnomalarni hurmat qilishi yuzasidan ishlarni allaqachon boshlagan.