
Talaba-yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini hamda futbolni targ`ib qilish, yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishni tashkil etish, sport va xususan, futbolni targ`ib etuvchi turkum, respublika va xalqaro musobaqa va tadbirlar tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilinishi borasida O`zbekiston Respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Professional futbol ligasi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga asosan talabalar o`rtasida futbol bilan shug`ullanish, ularda milliy chempionatimiz va klublarimizga bo`lgan qiziqishni orttirish, ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, talaba yoshlarning futbol uchrashuvlariga tashrif buyurishlarini ta`minlash borasida keng ko`lamli ishlar olib boriladi.
Jumladan, talabalar o`rtasida Superliga klublari emblemalari tushirilgan futbolka, kepka va boshqa ekipirovkalarni ko`proq targ`ib etish yo`lga qo`yiladi. PFL tomonidan Oliy ta`lim muassasalarining havaskor futbol klublariga amaliy ko`mak ko`rsatib boriladi.
Qolaversa, oliy ta`lim muassasalarining havaskor jamoalarida faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlarni klublarga jalb etish bo`yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Hududlarda talabalarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazishini ta`minlashda futbol o`yini uchrashuvlariga ularni ixtiyoriy jalb etish orqali yoshlarning futbolga qiziqishini yanada oshirib, yurtimiz jamoalarini muxlislar tomonidan munosib qo`llab-quvvatlanishi yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, Oliy o`quv yurti talabalari, akademik litsey va kollej o`kuvchilari o`rtasida ommaviy futbol musobaqalari, futzal va ayollar futboli bo`yicha musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishda Professional futbol ligasi O`zbekiston Respublikasi oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga yaqindan ko`mak beradi.