Bilasiz, Olmaliqning AGMK klubi 2019 yilgi mavsumda o`z tarixida birinchi marta OFK Chempionlar Ligasida ishtirok etadi.
Jamoa ayni paytda yangi mavsumga qizg`in tayyorgarlik jarayoni olib bormoqda. Olmaliqliklar OChLda munosib ishtirok etish maqsadida tarkibni kuchaytirishga ham alohida e`tibor qaratmoqda. Shuningdek, yangi murabbiylar shtabi qo`l ostida Toshkentda o`tkazilgan ilk o`quv-mashg`ulot yig`inida sinov-nazorat bellashuvlari ham tashkil etildi. Bugun AGMK poytaxt yig`inini yakunladi.
Ertaga Olmaliq shahri jamoasi xorij yig`ini o`tkazish uchun BAAning Dubay shahriga yo`l oladi. Yig`inga jamoa 25 nafar futbolchi olib ketishi ko`zda tutilgan. 23 yanvar – 4 fevral oralig`ida AGMK Dubayda 4 ta sinov-nazorat o`yinida ham maydonga tushadi. So`ngra jamoa yurtimizga qaytib, o`z uyida OChL saralash o`yiniga hozirlikni davom ettiradi.
Ta`kidlab o`tish joizki, OChL-2019 saralashi ikkinchi o`tish bosqichi doirasida AGMK 12 fevral kuni Tojikistonning “Istiqlol” klubiga qarshi bahs olib boradi. O`yin Olmaliqda bo`lib o`tadi.