
O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Professional futbol ligasi o`zbek futbolida korruptsiya, poraxo`rlik va ta`magirlik kabi illatlarni yo`qotish va ularga qarshi kurashish yo`lida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mana shunday noqonuniy harakatlar bilan shug`ullanayotgan shaxslarni aniqlash va tegishli huquq-tartibot organlariga topshirish maqsadida muntazam ravishda tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday tekshiruv ishlari natijasida PFL Sport bo`limi mutaxassisi Rodion Kondratev ta`magirlik bilan shug`ullanayotgani ma`lum bo`ldi.
U Buxoro viloyati G`ijduvon tumani "Yoshlar Ittifoqi"ning "Ittifoq" jamoasini Pro-liganing "V" ligasida ishtirok etishi uchun litsenziyalashdan o`tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari miqdorida pora so`ragan. Bu haqida xabar topgan O`FA Futbol faoliyatini nazorat qilish boshqarmasi Toshkent shahar prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti bilan hamkorlikda maxsus tadbir o`tkazdi. Ana shu tadbir natijasida bugun Rodion Kondratev O`zbekiston Davlat Koservatoriyasining yonida 1 500 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda qo`lga olindi. Mazkur holat yuzasida jinoyat ishi qo`zg`atish masalasi hal qilinmoqda.
Endilikda Rodin Kondratev o`z qilmishi uchun qonunda belgilangan tartibda javogarlikka tortiladi. Shuningdek, Rodion Kondratev bilan birgalikda mana shunday ta`magarlikka qo`l urgan jinoiy sheriklari ham qonun oldida javob beradi.
O`zbekiston Professional futbol ligasi endilikda mana shunday noto`g`ri yo`llar orqali o`z g`araz niyatiga erishishga intiluvchi har qanday shaxsga nisbatan qat`iy choralar ko`rilishini ma`lum qiladi. Jumladan, faoliyati davomida qaysidir masalani o`z foydasiga hal qilish maqsadida pora olgan mutaxassis yoki unga pora taklif etgan klub mutasaddilariga ham jiddiy jazo choralari qo`llaniladi. Shuningdek, kelishilgan o`yinlar tashkil etishga aralashgan har qanday shaxs, futbolchi, murabbiy, hakam yoki uchrashuv komissari ham PFL va O`FA tomonidan butun umrga futbol faoliyatidan chetlatiladi va qonuniy tarzda jazolanadi.