
Oldinroq xabar berganimizdek, 17 dekabr sanasidan e`tiboran Superliga klublari yangi futbolchilar bilan tuzilgan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin. Bu jarayon 2019 yilning 7 mart sanasiga qadar davom etadi.
Qayd etish joizki, AGMK va “Paxtakor” jamoalari Osiyo Chempionlar ligasi saralashi doirasida qolganlardan biroz ertaroq mavsumni boshlashadi. Superligada yangi mavsum starti esa 1 mart etib belgilangan.
Ayni paytda jamoalar tarkibini kuchaytirish maqsadida o`z safiga qo`shib olishni istagan yangi futbolchilari bilan shartnomalarini PFLda ro`yxatdan o`tkazishlari mumkin. Lekin avvalo klublar oldiga qo`yilayotgan talablarni bajarishi lozim bo`ladi. Ya`ni, oldindan ma`lumot berilganidek, “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament”da ko`rsatilgan talablar, jumladan o`z akademiyasiga ega bo`lish, uy stadioni maydoni yaxshi holatda bo`lishini ta`minlash hamda futbolchilari oldida qarzdorligi mavjud emasligini ko`rsatgan klub haftaning istalgan kunida yangi futbolchilari bilan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin bo`ladi.
Futbol klublari shu vaqtga qadar futbolchilar bilan shartnomalar tuzgan va ular ro`yxatga olingan. Lekin ortda qolib ketayotgan qarzdorliklar masalasi, PFL tomonidan qo`yilgan talablar jiddiy nazoratda bo`lmagan. Endilikda esa hammasi o`z o`rnida va tartibi bilan bo`ladi. Klub avval eski qarzdorliklari masalasini hal qiladi, undan keyin talablarni bajarish yuzasidan ish olib boradi.
Shuningdek, 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash talablarida futbol klublari markazlashgan tibbiy ko`rikdan o`tishlari belgilab qo`yilgan. Professional futbol ligasi tibbiy xulosalar asosida futbolchiga o`z ligalarida o`ynash huquqini taqdim etadi. Shartnoma tuzishdan avval klub xoh legioner bo`lsin, xoh mahalliy o`yinchini markazlashgan tibbiy ko`rikdan o`tkazishi shart bo`ladi.
Ta`kidlash joiz, futbolchi va klub o`rtasida tuzilgan shartnoma bir oy muddat ichida ro`yxatga qo`yilmasa, PFL mazkur shartnomani tan olmaydi.
Alohida qayd etish lozimki, Superliga klublari 10 fevralga qadar, Pro liga jamoalari esa 20 fevralgacha litsenziyadan o`tishlari mumkin bo`ladi. Litsenziyalash jarayonini muvaffaqiyatli yakunlaydigan jamoa yangi futbolchilar bilan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin. Litsenziyalash muddati tugashiga esa oz qolmoqda…