O`zbekiston chempionatida formalar uchun bir xil standart shrift joriy etiladi

Har tomonlama qiziqarli va tomoshabop, muxlislarga manzur bo`luvchi chempionat tashkil etishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan O`zbekiston Professional futbol ligasi ortda qolgan mavsumda ko`plab jabhalarda, jumladan mamlakat Superligasi uchrashuvlari teletranslyatsiyasi borasida ancha oldinga qadam tashladi.

2018 yilgi mavsum uchrashuvlari davomida o`yinni tomosha qilayotgan muxlislar jamoalar futbolchilari egnidagi libosda ularning familiyasi hamda raqami turli ko`rinishda yozilgani sabab ba`zan o`yinchilarni tanib olishda kichik muammolarga duch kelgan holatlari ham kuzatildi. Zero klublar formalarida aks etuvchi shrift har doim ham yaqqol ko`zga tashlanadigan va o`qilishi sodda bo`lavermaydi.

Jahonning etakchi ligalari tajribalaridan kelib chiqqan holda O`zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsumdan e`tiboran Superliga va Pro-liga “A” guruhi klublari forma uchun yagona standart shriftdan foydalanishlarini ma`lum qiladi.

Angliya, Frantsiya, Portugaliya, Ispaniya kabi etakchi mamlakatlar milliy chempionatlarida allaqachon ushbu tajribadan foydalanishadi. Angliya klublari uchun 1997 yilda yagona shrift ishlab chiqilgan bo`lsa, Ispaniyada o`tgan mavsumdan boshlab barcha klublar bir xil standart shriftdan foydalanib kelishmoqda.

Barcha klublar uchun standart shrift joriy etilishi yuqoridagi mamlakatlar futbol jamoatchiligi tomonidan qo`llab-quvvatlab kelinadi. Zero hammaga birdek tushunarli va yaqqol ko`zga tashlanuvchi shriftdan foydalanilsa, stadiondan o`yinni kuzatayotgan muxlis ham, o`yinni TV orqali tomosha qilayotgan ishqiboz ham maydonda to`p surayotgan futbolchilarni hech qanday qiyinchiliksiz tanib olishi mumkin bo`ladi. 

Yangi mavsumdan e`tiboran O`zbekiston Superligasi va Pro-ligasi “A” guruhi ishtirokchi jamoalari ham bir xil shriftdan foydalanishadi.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb