PFL legionerlar bo`yicha talablarni kuchaytirish oldidan muxlislar fikrini bilmoqchi

Oldinroq xabar berganimizdek, O`zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum ichki chempionatda raqobatni yanada kuchaytirish uchun reglamentning bir qator bandlariga o`zgartirish kiritdi.

Unga ko`ra, 2019 yilgi mavsumda Superliga va Pro-liga “A” uchun legioner futbolchilar limiti 4+1 bo`ladi. Pro-liga “B” jamoalari esa 2+1 ko`rinishida legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolashlari mumkin.

Shuni qayd etish joizki, shu paytga qadar milliy chempionatimizga klublar ko`p hollarda saviyasi u qadar yuqori bo`lmagan xorijlik futbolchilarni olib kelishgan. Agar chetdan keladigan futbolchi mahalliy o`yinchilardan hech bo`lmaganda “bir kalla” ustun bo`lmasa, mahalliy futbolchilar o`sha legionerdan nimadir o`rganmasa, legionerlar uchun limitni shunchaki ko`zbo`yamachilik uchun to`ldirishdan nima naf.

Milliy chempionatimizda raqobatni kuchaytirishga intilayotgan Professional futbol ligasi kelayotgan mavsumdan boshlab legionerlar saviyasi masalasiga jiddiy e`tibor qaratadi. Klublar rahbarlari bilan bo`lgan yig`ilish davomida ham ularning bu boradagi fikrlari va takliflari so`ralgan edi. Biroq hech bir klub bu borada aniq taklif bilan chiqmadi.

Professional futbol ligasi ishchi-guruhi yangi mavsumdan boshlab legionerlar uchun qo`yiladigan talablarni ishlab chiqdi. Mazkur talablar amalga oshirilishidan oldin futbolimiz jamoatchiligi va muxlislarning fikrini bilishni lozim, deya hisoblaymiz. 

Xo`sh, sizningcha quyidagi talablar amalga tadbiq etilsa, klublar bundan buyon xorijdan saviyaliroq legionerlar bilan shartnoma imzolaydimi?

 

2019 yilgi mavsumdan boshlab klublar shartnoma imzolamoqchi bo`lgan legioner quyidagi talablarga mos bo`lishi lozim: 

 

UEFA

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki sakkiz pog`onada borayotgan mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 2 ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki sakkiz pog`onada borayotgan mamlakatlarning ikkinchi raqamli divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 5 ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki o`n besh pog`onada borayotgan mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 5 ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki o`n ikki pog`onada borayotgan mamlakatlarning ikkinchi raqamli divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 15 ta uchrashuvda maydonga tushgan 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki yigirma pog`onada borayotgan mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, ularning hech bo`lmaganda 60 daqiqasida to`p surgan  30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki o`ttiz pog`onada borayotgan mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi hamda so`nggi mavsumni kuchli to`rtlikda yakunlagan klub ro`yxatidan o`tgan va shu liga doirasidagi kamida 20 ta uchrashuvda maydonga tushgan 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida ko`rsatilgan mamlakatlar milliy terma jamoasining 2018 yilgi mavsumdagi kamida 5 ta uchrashuvida 60 daqiqadan ko`proq o`ynagan hamda 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

UEFA assotsiatsiyalari klub reytingida ko`rsatilgan dastlabki sakkiz mamlakat milliy terma jamoasi safida kamida 40 ta uchrashuvda ishtirok etgan va 35 yoshdan katta bo`lmagan futbolchi;

 

UEFA tasnifidagi U19 va undan yuqori bo`lgan terma jamoalar ishtirokidagi musobaqalarda dastlabki to`rt o`rinni qo`lga kiritgan mamlakat termasi safida bo`lgan hamda o`sha musobaqadagi o`yinlarning teng yarmida maydonga tushgan 23 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

OFK

 

OFK assotsiatsiyalari klub reytingida dastlabki etti pog`onada borayotgan mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi klub safida so`nggi chempionat o`yinlarining yarmidan ko`pida maydonga tushgan va 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

OFK reytingida dastlabki etti pog`onada borayotgan mamlakatlar milliy terma jamoasi safida kamida 15 ta uchrashuvni asosiy tarkibda o`tkazgan va shu o`yinlarda 60 daqiqadan ko`proq o`ynagan futbolchi;   

 

OFK reytingida qayd etilgan mamlakatlar milliy terma jamoasi safida kamida 20 ta uchrashuvni asosiy tarkibda o`tkazgan va shu o`yinlarda 60 daqiqadan ko`proq o`ynagan, 2018 yil davomida esa terma sharafini kamida 3 ta o`yinda himoya qilgan 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

AMERIKA

 

Braziliya, Argentina, Urugvay, Paragvay, Chili, Kolumbiya, Meksika va AQSh kabi mamlakatlar yuqori divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 5 ta uchrashuvda maydonga tushgan futbolchi;

 

Braziliya, Argentina, Urugvay, Paragvay, Chili, Kolumbiya va Meksika kabi mamlakatlarning ikkinchi raqamli divizionida ishtirok etuvchi klub ro`yxatidan o`tgan va shu liganing so`nggi mavsumi doirasidagi kamida 10 ta uchrashuvni 60 daqiqadan ko`proq o`tkazgan 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

Meksika hamda CONMEBOL’ga tegishli bo`lgan 10 ta mamlakat milliy va olimpiya terma jamoalari safida o`ynagan 35 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

Meksika hamda CONMEBOL’ga tegishli bo`lgan 10 ta mamlakat yoshlar yoki o`smirlar terma jamoasi safida qit`a yoki Jahon chempionatida ishtirok etgan 32 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

CONMEBOL va CONCACAF milliy terma jamoalari safida 2018 yilgi mavsum davomida kamida 3 ta rasmiy uchrashuvni 60 daqiqadan ko`proq o`tkazgan 30 yoshdan oshmagan futbolchi;

 

AFRIKA

 

Afrika qit`asi milliy terma jamoasi safida 2018 yilgi mavsum davomida kamida 3 ta uchrashuvni 60 daqiqadan ko`proq vaqtida o`ynagan futbolchi.  

 

 

Nima deb o`ylaysiz, klublarimiz o`z safiga qo`shib olmoqchi bo`lgan legionerga talablar kuchaytirilishi yaxshimi? 

PFL rasmiy sayti va Telegramdagi rasmiy kanalida ovoz berishingiz mumkin:  

 

 

 

 
mib
uzcard
cola
apex
bmb