2019 yilda kelishilgan o`yinlarga qarshi jiddiy kurash boshlanadi

Mamlakat futbolini oyoqqa turg`azish yo`lida qator chora-tadbirlar ko`rilayotgan bo`lsa-da, shu sohadan non topayotgan, biroq futbolni botqoqqa botirish, uning printsiplarini mensimaslik, o`z manfaati yo`lida jamoasi va hatto muxlislarini ham sotib yuboradigan kimsalar bor. 2019 yilda O`FA hamda PFL bu kabi illatlarga va bunday jinoyatchi shaxslarga qarshi jiddiy kurash olib boradi. 

 

Ayni vaqtda Professional futbol ligasi kelishilgan o`yinlarga qarshi kurash yo`lida prokuratura va boshqa tegishli organlar bilan hamkorlikda ishlash masalasini ko`rib chiqmoqda. Bungacha O`FA qoshida yuqoridagi kabi ishlarni aniqlash maqsadida alohida bo`lim tashkil qilingandi. Mazkur bo`lim shubhali ko`ringan va isboti jinoiy javobgarlikkacha tortish uchun kamlik qiladigan qator ma`lumotlar to`pladi. Ammo, kelishilgan o`yinlar borasidagi noxush xabarlar, muxlislarning bunday o`yinlarga bo`lgan e`tirozi kamayib qolmadi. Endi esa O`FA ishni yuqoridagi kabi organlarga topshirish niyatida. 

 

Bunda bir jihatga e`tibor qaratish kerak bo`ladi. Ayni holatda davlat organlari futbolning ichki ishlariga aralashgan bo`lib chiqmaydi. Balki, O`FA futboldagi illatlarni yo`qotish uchun organlar yordamiga o`z xohishi bilan suyanayotgan sanaladi. Mazkur tashabbusni OFK ham, FIFA ham qo`llab-quvvatlaydi. 

 

Bungacha PFL kelishilganlikda gumon qilingan qator uchrashuvlar haqida ma`lumotlar qabul qilib olgandi. Mazkur jamoalar ertaga — 7 yanvar kuni rasman ogohlantiriladi. Garchi o`sha uchrashuvlar kelishilganligi borasida aniq dalillar yo`q bo`lsa-da, klub mutasaddilari buning uchun tushuntirish berishi shart. 

 

PFL vakillari futbol olamida faoliyat olib borayotgan, totalizatorlarda ishtirok etadigan, ba`zida sovrinlar ham yutishga ulgurayotgan ayrim mutaxassislar haqida faktsiz bo`lsa-da, tasavvurga ega. Agar ular faoliyat olib borayotgan jamoa haqida OFK yoki boshqa tashkilotlardan gumonlanuvchi o`yinlar borasida ma`lumot kelib tushsa, O`FA rahbariyati ularni asossiz ham futboldan chetlashtirish ishini ko`rib chiqadi. Mana shunday noinsof kishilarning 4-5 nafari futbol bilan bir umrga xayrlashsa, futbol rivoji to`xtab qolmaydi. Muhimi, uning ichi bir qadar tozalanadi va qolgan ayrim kishilar oz bo`lsa-da insofga keladi. 

 

Shuningdek, quruq gaplar emas, aniq faktlari bo`lgan, kelishilgan o`yinlarni ochishda yaxshi ma`lumotlari bor bo`lgan futbolchilar, murabbiylar va klublar rahbarlari bu haqda ma`lumot berishlari so`raladi. Ularning shaxsi imkon bergunicha sir tutiladi, ommaga oshkor qilinmaydi. Mana shunday pastkashlikka burkangan ishlar aniqlangudek bo`lsa, PFL bu ishga hissa qo`shganlarni mukofotlashga ham tayyor. Mamlakat futboli rivoji uchun barchamiz birdek mas`ulmiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb