“Xorazm” FK O`FA huzuridagi viloyat bolalar-o`smirlar hududiy futbol akademiyasi bilan shartnoma imzoladi

O`zbekiston Professional Futbol Ligasi yangi mavsum oldidan Superliga hamda Pro-liga “A” guruhining barcha ishtirokchi klublari oldiga bir qator talablarni qo`yayotganidan xabaringiz bor. Jumladan, 2019 yildan boshlab Superliga hamda Pro-liga “A” guruhida qatnashishni istagan klub yaxshi holatdagi maydoni bor stadion va o`z akademiyasiga ega bo`lishi shart.

Kelasi mavsumga tayyorgarlik jarayonini allaqachon boshlab yuborgan “Xorazm” futbol klubi o`z tarkibida ayollar va futzal jamoalarini shakllantirish ustida ish olib boryapti. Qolaversa, klub o`z akademiyasiga ham ega bo`lishi lozim. Shu sababdan bugun “Xorazm” futbol klubi O`FA huzuridagi Xorazm viloyati bolalar-o`smirlar hududiy futbol akademiyasi bilan yosh futbolchilarni tayyorlash bo`yicha shartnoma imzoladi.

O`zaro shartnomaga ko`ra, “Xorazm” klubi ham ayrim majburiyatlarni o`z zimmasiga oladi. O`z navbatida ma`lum huquqlarga ega ham bo`ladi. Eng muhimi – viloyatdagi yosh iste`dodlarni to`g`ri yo`nalishda tarbiyalab, ulardan yaxshi saviyadagi professional o`yinchi etishib chiqishida klub ham o`z munosib xissasini qo`shish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shuningdek, akademiyadan etishib chiqadigan iste`dodli o`yinchilarni o`z safiga jalb etish borasida ma`lum afzalliklarga ega bo`ladi. 

“Xorazm” futbol klubi va O`FA huzuridagi Xorazm viloyati bolalar-o`smirlar hududiy futbol akademiyasi o`rtasida yosh futbolchilarni tayyorlash bo`yicha tuzilgan shartnoma shartlari bajarila boshlangach, klub oldiga qo`yilayotgan asosiy talablardan biri - akademiya bo`yicha talabni bajargan bo`ladi. Endilikda "Xorazm" futbol klubi ikkinchi asosiy talab bo`yicha ish olib boradi, ya`ni o`z uy uchrashuvlarini o`tkazadigan stadion maydonini yaxshi holatga keltirishi lozim bo`ladi.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb