Aksariyat jamoalar ortda qolgan mavsumdan so`ng biroz hordiq chiqargan holda allaqachon yangi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonini boshlab yuborishdi.
O`tgan mavsumda Pro-ligada ancha mazmunli o`yin namoyish etgan Farg`onaning “Istiqlol” klubi ayni paytda ilk yig`inni boshlab yuborgan. Farg`onaliklar 20 dekabr kuni yig`ilishdi va “Istiqlol” stadioni hududidagi sun`iy qoplamali maydonda mashg`ulotlar olib borishmoqda. Jamoa 28 dekabrga qadar shug`ullanadi va so`ngra Yangi yil bayrami munosabati bilan futbolchilarga qisqa ta`til beriladi.
So`ngra jamoa yanvar oyida yana Farg`onada to`planadi va 2 haftalik yig`in o`tkazadi. 27 yanvar – 8 fevral oralig`ida “Istiqlol” Farg`ona viloyati hokimi kubogida ishtirok etishni rejalashtirgan.