Pro-ligada mavsum yakuniga bir tur qolganida Superliga-2019 yo`llanmasini naqd qilgan “Andijon” jamoasi yangi mavsumga ancha jiddiy rejalar tuzmoqda.
“Burgutlar” jamoasi ertadan o`z qarorgohida yig`iladi va 5 kun mobaynida mashg`ulotlar olib boradi. So`ngra Yangi yil bayrami munosabati bilan futbolchilarga 3 yanvarga qadar ta`til beriladi. Jamoa shundan so`ng 2 fevralga qadar Toshkentda yig`in o`tkazadi. Yig`in mobaynida bir qator futbolchilar ko`rikdan o`tadi va “Andijon” bir nechta sinov-nazorat bahslarida ham maydonga tushadi.
Yangi mavsum oldidan tashkil etiladigan xorij yig`ini esa 3-17 fevral kunlari Turkiyada bo`ladi. Ayni paytda mazkur yig`in doirasida o`tkaziladigan o`yinlar uchun sparring raqiblar bilan muzokaralar olib borilmoqda.