PEPSI Superliga-2018 mavsumi ham o`z nihoyasiga etdi. Mavsum davomida “So`g`diyona” jamoasi ustozi Sergey Lushchan bir qator yosh futbolchilarga o`yin amaliyotiga ega bo`lishi uchun imkon berdi va mahalliy yoshlarni kashf etdi.
Shunday yoshlaran biri Oybek Nurmatov bo`lib, u ortda qolgan mavsumda debyut qilishiga qaramay, chempionatda 4 ta gol urishga ham muvaffaq bo`ldi. Mavsum yakunlari haqida Oybek Nurmatov bilan suhbat qurdik.
- Bu yilgi mavsum men uchun juda ajoyib va esda qolarli tarzda o`tdi. Sababi Superligada debyut qilishga muvaffaq bo`ldim, qolaversa 4 ta gol urishga muvaffaq bo`ldim. Albatta, bunda jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushchanning xissasi beqiyos, deb bilaman. Biz yoshlarga e`tibor berib etakchi jamoalarga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushib, o`zimizni ko`rsatishga imkon berdi. Buning uchun u kishiga o`z minnatdorchiligimni izhor qilaman. Jamoadoshlarimga ham minnatdorchiligimni bildiraman. Sababi ular meni hamisha qo`llab-quvvatlab turishdi.
Ortda qolgan mavsumda chempionatimiz ancha qiziq va tomoshabop tarzda kechdi. Ayniqsa, 2018 yilda stadionlarga muxlislar ko`proq tashrif buyura boshlashdi. Bu barchani – futbolchilarni ham juda ham xursand qildi. Jizzaxlik ishqibozlar bizni xatto safar o`yinlarida ham qo`llab-quvvatlab turishdi.
Jamoalar ham muxlislarga yoqadigan o`yin namoyish etishga urinishdi. O`yinlarda har bir ochko uchun jiddiy kurash bordi. “So`g`diyona” ham imkon qadar muxlislarini xursand qilishga urindi. Lekin aksariyat uchrashuvlarda o`zimiz yo`l qo`ygan xatolar evaziga muhim o`yinlarda imkoniyatni boy berib qo`ydik. Endi kelasi mavsumda ishqibozlarimizni chiroyli g`alabalar bilan xushnud qilishga harakat qilamiz, - dedi yosh futbolchi.