“Lokomotiv” jamoasi PEPSI Superliga-2018 yakunlariga ko`ra chempionlikni qo`lga kiritdi.
Chempionatni u qadar muvaffaqiyatli boshlay olmagan “temiryo`lchilar” jamoasi mavsum avvalida bir qator o`yinlarda kutilmaganda ochkolarni boy berib qo`ydi. Natijada ko`pchilik “Lokomotiv”ni oltin medallar uchun da`vogarlar safidan chiqara boshlagan edi.
Lekin “Lokomotiv” mavsum o`rtalariga kelib, yana o`z o`yinini namoyish eta boshladi va chiroyli g`alabalar bilan ishqibozlarini xushnud etdi. Yakunda esa oltin medallar ketma-ket uchunchi marta “Lokomotiv”ga nasib etdi.
“Temiryo`lchilar” jamoasi safiga mavsum avvalida Serbiyadagi 4 yillik faoliyatidan so`ng kelib qo`shilgan mahoratli hujumkor yarim himoyachi Husniddin G`ofurov mavsum-2018 yakunlari xususida PFL rasmiy saytiga o`z tassurotlari bilan o`rtoqlashdi.
- 2018 yilgi mavsumdan bir olam taassurotlar qoldi. Shuni alohida ta`kidlashim lozimki, mavsum boshida bir qator o`yinlarda muvaffaqiyatsizlikka uchradik. Aksariyat o`yinlarda katta tashabbusga ega bo`lsak-da, kutilmaganda muhim ochkolarni qo`ldan chiqardik. Natijada ba`zilar xatto jamoamizning kuchli oltilikdan o`rin olishiga ham shubxa qila boshlashdi.
Lekin mavsum o`rtalariga kelib o`z o`yinimizni topib oldik va yana muxlislarimizga yoqadigan o`yin ko`rsata boshladik. Yakunda esa jamoamiz navbatdagi chempionlikni tantana qildi.
Superliga-2018 juda qiziqarli tarzda o`tganini ayta olaman. Jamoalar har bir ochko uchun jiddiy kurash olib borishdi. Raqobat ancha kuchli bo`ldi, deya olaman.
O`zbekiston chempionati Serbiya chempionatidan qolishmaydi. O`rtadagi tafovut aslo katta emas. O`zbekiston Superligasida ham chempionlikka erishish juda-juda qiyin vazifa. Lekin “Lokomotiv” buni uddalay oldi va men ham ushbu g`alabaga o`z xissamni qo`sha olganimdan baxtiyorman.
To`g`risi faoliyatim davomida ilk marta chempion bo`lishim. Shu boisdan mazkur g`alaba men uchun o`zgacha tarzda ahamiyatli. Nasib etsa, hali yana ko`plab chempionlik unvonlarini qo`lga kiritishga harakat qilaman, - dedi futbolchi.
“Lokomotiv” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi