“O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” ishlab chiqilgani va uning O`FA Ijroqo`mi byurosi tomonidan tasdiqlangani haqida xabaringiz bor.
Aynan shu reglamentga muvofiq klublarni litsenziyalash bo`yicha PFL ishchi guruhi 4 dekabr kuni “So`g`diyona” va 12 dekabr kuni “Metallurg” futbol klublarida belgilangan talablarning bajarilishi yuzasidan monitoring o`tkazdi.
O`rganishlar jarayonida ikkala futbol klublari stadionlari maydonining talab darajasida emasligi, maydon yoritish tizimini mutaxassislarni jalb etgan holda sozlash kerakligi, stadiondagi o`rindiqlar, futbolchilarning kiyinish xonalari, hakamlar va komissar xonalari ta`mirtalab holatga kelib qolganiligi, futbol akademiyasini tashkil etish choralari ko`rilmagani, moliyaviy qarzdorliklarni bartaraf etilmagani, shuningdek, “So`g`diyona” stadionida OAV hodimlari uchun etarlicha sharoitning mavjud emasligi aniqlandi.
Ta`kidlash lozim, “So`g`diyona” va “Metallurg” futbol klublari tomonidan mazkur kamchiliklar joriy yil 25 dekabr sanasiga qadar bartaraf etish choralari ko`rilmasa, O`zbekiston Professional futbol ligasining klublarni litsenziyalash bo`yicha ishchi guruhi xulosasiga asosan futbol klublarini kelasi mavsum uchun Superligadan chetlashtirish masalasi ko`rib chiqilishi yuzasidan “So`g`diyona” va “Metallurg” futbol klublari jiddiy ogohlantirildi.