
Bugun — 17 dekabr sanasidan e`tiboran Superliga klublari yangi futbolchilar bilan tuzilgan shartnomalarni PFL ro`yxatidan o`tkazishi mumkin. Bu jarayon 2019 yilning 7 mart sanasiga qadar davom etadi.
Biroq PFL tomonidan 2019 yilgi mavsum uchun qo`yilgan talablar ham borki, futbol klublari mana shu talablar ijrosini PFL bilan muhokama qilib olmaguniga qadar, birorta ham shartnoma ro`yxatga olinmaydi. Qayd etish kerak, futbolchi va klub o`rtasida tuzilgan shartnoma bir oy muddat ichida ro`yxatga qo`yilmasa, PFL mazkur shartnomani tan olmaydi. Bu jihat 14 dekabr kuni bo`lib o`tgan klub direktorlari bilan yig`ilishda yana bir bor eslatib o`tilgan.
Futbol klublari shu vaqtga qadar futbolchilar bilan shartnomalar tuzgan va ular ro`yxatga olingan. Ammo ortda qolib ketayotgan qarzdorliklar masalasi, PFL tomonidan qo`yilgan talablar jiddiy nazoratda bo`lmagan. Endilikda esa hammasi o`z o`rnida va tartibi bilan bo`ladi. Klub avval eski qarzdorliklari masalasini hal qiladi, undan keyin talablarni bajarish yuzasidan ish olib boradi va oxirida 2019 yilgi mavsum uchun qadam tashlaydi.