Yangicha tartibda tashkil etilgan va yil boshidanoq ko`pchilikning o`zgacha qiziqishini torta olgan O`zbekiston Superligasining 2018 yilgi mavsumi ham ortda qoldi.
Anchagina qiziqarli va murosasiz uchrashuvlarni siz-u bizga taqdim eta olgan 2018 yilda bir qator murabbiy, futbolchi va darvozabonlar ishonchli, ko`pchilikka manzur keladigan o`yin namoyish etib, futbol jamoatchiligi olqishlariga sazovor bo`lishdi.
Professional Futbol Ligasi 14 dekabr kuni soat 18:00da “O`zekspomarkaz” Kongresslar zalida ortda qolayotgan Yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o`tkazadi. Yil yakunlariga bag`ishlab o`tkaziladigan marosimda o`z yo`nalishi bo`yicha eng yaxshi deya e`tirof etiluvchi nomzodlar eng yaxshilar uchun atalgan mukofotlarni qabul qilib olishadi.
PFL rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarida turli nominatsiyalarda eng yaxshi bo`lish uchun nomzodlar nomini e`lon qilib boradi.
Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi bo`lish uchun nomzodlar:
OSTON O`RUNOV (“NAVBAHOR”).
Oston O`runov ortda qolgan mavsumda “Navbahor” jamoasining asosiy futbolchilaridan biriga aylana oldi. 17 yoshli o`yinchi 30 ta o`yinda maydonga tushdi va “lochinlar”ning bronza medallariga ega chiqishida salmoqli o`rin tutdi.
BOBIR ABDUXOLIQOV (“NASAF”).
21 yoshli Bobir Abduxoliqov “Nasaf” jamoasining etakchilaridan biriga aylanib ulgurdi va ortda qolgan mavsumda PEPSI Superligada 13 marta raqiblari darvozasini aniq nishonga olishga muvaffaq bo`ldi.
JASUR JALOLIDDINOV (“BUNYoDKOR”).
Kelajagi porloq deya e`tirof etilayotgan Jasur Jaloliddinov ortda qolgan mavsumda maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo`ldi. U 16 yosh 80 kunligida “Bunyodkor” jamoasi safida maydonga tushirildi.