Noyabr oyining eng yaxshi futbolchisi – Tiago Bezerra

Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon har oy eng yaxshilarni aniqlab keldi.

Tashkil etilgan so`rovnomada PEPSI  Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etib kelishdi. Shuningdek, muxlislar ovozi PFL rasmiy saytida bo`ladigan so`rovnoma orqali qabul qilindi.

Mana Superliganing 2018 yilgi mavsumi ham yakuniga etdi. Ortda qolgan noyabr oyida Superligada 28-29-30-31-32-tur uchrashuvlari o`tkazildi. 

Chempionat-2018ning oxirgi oyida bir qator futbolchilar juda ajoyib o`yin namoyish etishdi. Noyabr oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida tashkil etilgan so`rovnomada esa mavsum davomida juda ko`tarinki ruhda to`p surgan “Paxtakor” a`zosi braziliyalik – Tiago Bezerra eng ko`p ochko jamg`arishga muvaffaq bo`ldi.

Bezerra ortda qolgan oyda 5ta o`yinda maydonga tushib, 6 marta raqiblari darvozasini ishg`ol etishga erishdi. Mahoratli futbolchi o`z jamoasining chempionat kumush medallarini qo`lga kiritishida ulkan ulush qo`shdi. 

Noyabr oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o`tkazilgan so`rovnomada Bezerra Marat Bikmaevni kichik farq bilan ortda qoldirdi. Aslida murabbiylar va sardorlarning ovozlari bo`yicha ushbu ikki nafar o`yinchi bir xil ochko jamg`ardi. Yakunda hal qiluvchi o`rinni muxlislar bergan ovoz hal qildi va Bezerra Bikmaevdan 2 ochkogagina ilgarilab, mavsum-2018ning oxirgi oyida tashkil etilgan so`rovnomada g`oliblikni qo`lga kiritdi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb