
“Buxoro” futbol klubi matbuot xizmati jamoaga yangi bosh murabbiy sifatida Shuhrat Fayziev olib kelinayotgani borasida xabar e`lon qildi. Professional futbol ligasi shuni rasman ma`lum qiladiki, “Buxoro” futbol klubi mazkur mutaxassisni bosh murabbiy sifatida Superliga o`yinlari uchun ro`yxatdan o`tkaza olmaydi.
Futbol klublari o`tgan oyning so`nggi o`n kunligida 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash talablarini qo`lga kiritgandi. Shuningdek, litsenziyalash talabi jamoatchilik uchun ham ochiqlandi. Unda 2019 yilgi mavsumdan boshlab Superliga klublari bosh murabbiylarida “Pro” litsenziyasi bo`lishi shart ekani ko`rsatib qo`yilgandi. Shuhrat Fayziev esa faqatgina “A” litsenziyasining egasi hisoblanadi.
Superligada faoliyatini davom ettirish istagida bo`lgan mutaxassislar ayni kunlarda Toshkentda bo`lib turibdi va ular “Pro” litsenziyasi uchun kurslarda ishtirok etyapti. Xususan, “Buxoro” futbol klubining endilikdagi sobiq bosh murabbiyi Ulug`bek Baqoev ham ular orasida bor. Biroq Shuhrat Fayziev o`z malakasini oshirish imkonini beruvchi mazkur kursda o`qish istagini bildirmagan.
Bundan tashqari, “Buxoro” futbol klubi o`z zimmasidagi qarzdorliklar masalasini ijobiy hal qilmaguniga qadar, yangi murabbiy va futbolchilar ro`yxatdan o`tkazilmaydi. Bu boradagi rasmiy ogohlantirish xati klubga etkaziladi. Shuningdek, klub vakillari futbol akademiyasi hamda stadion maysasi haqida ham qayg`urishi shart.
Ma`lumot uchun, avvalroq Jizzaxning “So`g`diyona” klubi ham shunga o`xshash ogohlantirish xati qabul qilib olgandi.