PEPSI Superliga-2018 o`z nihoyasiga etdi. Butkul o`zgacha tartibda o`tkazilgan milliy chempionatimizning 2018 yilgi mavsumi siz-u bizga bir qancha shiddatli uchrashuvlar, kutilmagan natijalarni taqdim etdi.
Bekobodning “Metallurg” jamoasi 2018 yilni ancha ko`tarinki ruhda o`tkazdi. Bekobodliklar Superliganing eng etakchi jamoalari uchun har vaqt “bosh og`rig`i" bo`la olishdi. Yakunda jamoa 5-o`rinni band etdi. Bunda jamoa etakchilaridan biri Akbar Ismatullaevning xissasi beqiyos bo`lganini alohida qayd etish joiz.
Mahoratli futbolchi PFL rasmiy saytiga mavsum taassurotlari bilan bo`lishdi.
- 2018 yilgi futbol mavsumi ancha yodda qolarli bo`ldi, desam adashmayman. Milliy chempionatimiz butkul yangicha formatda tashkil etildi. Jamoalarning 6 tadan 2 ta guruhga ajratilishi sabab chempionat startidanoq o`yinlar ancha shiddatli va murosasiz kechganini ta`kidlay olaman. Jamoalar bu yil har bir ochko uchun chindan jiddiy kurash olib borishdi.
Yana bir jihatni alohida qayd etgan bo`lardim, ortda qolgan mavsumda chempionatimiz tashkilotchilik jihatidan ancha o`sdi. Kelasi yili mana shu o`sishni davom ettirish kerak, deb o`ylayman. Tashkil etilgan oilaviy sektorlar, o`yin oldidan har xil kontsert dasturlarining uyushtirilgani muxlislarni stadionga kelishga chorlay oldi. Natijada muxlislar stadionga ko`proq kela boshladi va bu o`yinchilarning kayfiyati va ruhiyatiga ijobiy ta`sir o`tkazdi. Zero o`yinchi ham muxlis to`la stadionda o`zgacha zavq bilan to`p suradi.
Kelasi yilda mana shunday yaxshi amaliyotlarni davom ettirish kerak. Yana o`yinlar translyatsiyasi masalasi ham bu yil ancha “jonlandi”. Uyda ota-onalarimiz ham o`yinlarimizni jonli tomosha qilish imkoniga ega bo`lishdi. Mana shunday yangiliklar 2018 yilda kam bo`lmadi. Ularni 2019 yilda yanada ko`paytirish lozim.
Umuman olganda, ortda qolgan 2018 yilgi mavsum juda esda qolarli tarzda o`tdi. “Metallurg” jamoasi deyarli 90 foizga yangilandi. Murabbiylarimiz yaxshi jamoa shakllantirishga urinishdi. Natijada mavsumni kuchlilar safida 5-o`rinda yakunladik. Qayd etgan natijamizdan mamnunman. O`zim ham imkon qadar jamoam muvaffaqiyatiga xissa qo`shishga urindim. O`yinimga bahoni muxlis va murabbiylar bergani ma`qul. Men esa hamisha yaxshi formada bo`lish uchun intilishda davom etaveraman, - dedi mahoratli futbolchi.
“Metallurg” jamoasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi