
O`zbekiston Professional futbol ligasi “So`g`diyona” futbol klubi bosh murabbiy Sergey Lushchan bilan shartnomani uzaytirishi borasidagi xabarlar paydo bo`lganidan kelib chiqib, quyidagilarni ma`lum qiladi va klubni rasman ogohlantiradi.
1) Sergey Lushchan ayni vaqtda “Bunyodkor” futbol klubi bilan sudlashayotganidan va bu ishni O`FAni chetlab o`tib, boshqa organga oshirganidan kelib chiqib, rasman tushuntirish berishi kerak bo`ladi. Yo`qsa, PFL mazkur ishni O`FA ijroqo`mi byurosiga qadar oshirib, FIFA nizomlariga zid harakati uchun Lushchanni O`zbekistonda faoliyat olib borishini cheklash bo`yicha ish ochishni so`raydi.
2) Sergey Lushchan “Bunyodkor” klubi bilan shartnoma tuzayotgan vaqtida ayrim qonun hujjatlariga zid keluvchi holatlarga yo`l qo`ygan bo`lishi mumkin. “Bunyodkor” futbol klubining mazkur shubhasi o`z tasdig`ini topsa, har ikki tomon bu masala yuzasidan tegishli organlar oldida javob berishi kerak bo`ladi.
3) “So`g`diyona” futbol klubining Professional futbol ligasi oldida qarzdorligi mavjud. 2019 yilgi mavsum uchun klublarni litsenziyadan o`tkazish reglamenti allaqachon “So`g`diyona” klubiga elektron shaklda jo`natildi va PFL rasmiy saytida e`lon qilindi. Demak, qarzdorligi mavjud klublar transfer oynasida faol bo`la olmaydi. Bu holat bosh murabbiylar bilan tuziladigan shartnomalarga ta`luqlidir.
“So`g`diyona” futbol klubi yuqoridagilarni inobatga olib, barcha ish risoladagidek bo`lishini ta`minlashi so`raladi. Yo`qsa, klub va murabbiy o`rtasida tuzilgan shartnoma PFL tomonidan tan olinmaydi.