
Qiziqarli va shiddatli kurashlar ostida kechgan uchrashuvlarga boyligi bilan yodda qolgan Superliganing 2018 yilgi mavsumi ham va nihoyat yakuniga etdi.
Ortda qolgan mavsum milliy chempionatimizda ko`plab yangiliklar amalga oshirildi. Chempionat formati o`zgardi, o`yinlar ikkita bosqichga bo`lingan holda o`tkazildi.
Professional Futbol Ligasi endilikda kelasi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonini ham boshlab yubordi. Yaqinda “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” ishlab chiqildi. Klublar ushbu Reglament asosida kelasi mavsum uchun tayyorlab boriladi.
Ya`ni yaqin yillar ichida o`z oldiga Pro liga yoki Superligada qatnashishni maqsad qilayotgan har qanday futbol klubi avvalo mazkur Reglamentda ko`rsatilgan talablarga har tomonlama javob bera oladigan tuzilmaga ega bo`lishi lozim bo`ladi.
Klublar oldiga qo`yilayotgan talablardan eng muhimi – o`z akademiyasiga ega bo`lish. Shu va boshqa talablardan to`liq xabardor bo`lish maqsadida Navoiyning “Qizilqum” jamoasi bosh murabbiyi Hamidjon Aktamov PFLga tashrif buyurdi va kelasi mavsum rejalarini bafurja muhokama etdi.
Hamidjon Aktamov “Qizilqum” klubining PFL tomonidan qo`yilayotgan talablar asosida sekin-asta o`z infratuzilmasini yaxshilab borish niyatida ekanini ta`kidladi.
- Ortda qolgan mavsum juda qiziqarli tarzda kechdi. Mavsum davomida ko`plab o`yinlarda umuman kutilmagan natijalar qayd etilganini ta`kidlay olaman. O`yinlar shiddati oshgani kishini quvontirdi. Qolaversa, 2018 yilda muxlislarning stadionlarga tashrifi chindan ortdi. Bunda o`yin oldi va tanaffus vaqtida tashkil etilgan turli ko`ngilochar tadbirlarning o`rni ham katta bo`ldi, deb o`ylayman. Mana shunday kontsert, aktsiyalarni keyingi yillarda ham davom ettirish tarafdoriman. Zero bu ham muxlislarni stadionlarga jalb etishda o`z samarasini berishiga 2018 yilgi mavsumda guvoh bo`ldik.
Ortda qolgan yilda chempionat saviyasini oshirish uchun ancha mehnat qilindi. Aksariyat uchrashuvlar TV orqali to`g`ridan-to`g`ri efirga uzatildi. Bu – juda yaxshi amaliyot. Zero jamoalarning o`yinga kela olmagan uzoq joydagi muxlisi ham uchrashuvni jonli ko`rib, o`z jamoasi o`yinini kuzatib turish imkoniga ega bo`ldi. Lekin shuni ham ta`kidlab o`tishni istardimki, viloyatlardagi o`yinlarning ayrimlarida translyatsiya sifati u qadar yuqori bo`lmadi. Masalan, xavfli vaziyatlar takroriy lavhalari ko`p ham kutilganidek namoyish etilmadi. PFL ushbu jihatni ham inobatga olib, kelasi mavsumda Sport telekanali bilan ushbu masalaga ijobiy echim topsa yaxshi bo`lar edi.
Umuman olganda, ortda qolgan mavsumdan taassurotlar yomon bo`lmadi. Qilinayotgan ishlar milliy futbolimiz, ichki chempionatimiz saviyasini ko`tarish uchun amalga oshirilayotganini barchamiz ko`rib turibmiz.
Ayniqsa, “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” yaqin vaqt ichida klublar infratuzilmasini yaxshilashda o`z samarasini berishiga ishonch xosil qildim. To`g`risini aytsam, PFL rahbariyati oldiga kelib, yangi mavsum rejalarini muhokama etishdan oldin qo`yilayotgan talablar bajarish uchun biroz mushkuldek tuyulayotgan edi. Lekin barcha o`zimni qiziqtirgan masalalarni bafurja muhokama qilgach, ushbu talablarni bajarish imkonsiz ish emasligiga amin bo`ldim.
To`g`risi, PFL tomonidan har bir klubning o`z akademiyasiga ega bo`lishi lozimligi talab qilinayotganini ijobiy baholayman. Bu futbol poydevorini qo`yishda juda muhim omil. Biroq futbol akademiyasini qisqa vaqt ichida tashkil etish qiyin ekani bizni biroz o`ylantirayotgan edi. Aynan shu masalani muhokama etib olishni istagan edim.
PFL klublar oldiga qat`iy talablar qo`yayotgani bilan, o`z musobaqasida qatnashadigan jamoalarning ushbu talablarni bajarishida ularga ko`mak berish niyatida ekanidan ochig`i juda xursand bo`ldim. Biz yaqin kelajakda albatta o`z akademiyamizni quramiz. Biroq bunga sekin-astalik bilan tamal toshini mustahkam tarzda qo`yib borish niyatidamiz.
Shu sababdan ham endi O`FA huzuridagi Navoiy viloyati bolalar-o`smirlar hududiy futbol akademiyasi bilan yosh futbolchilarni tayyorlash bo`yicha shartnoma imzolaydigan bo`ldik. O`zaro shartnomaga ko`ra, “Qizilqum” klubi ham ayrim majburiyatlarni o`z zimmasiga oladi. O`z navbatida ma`lum huquqlarga ega ham bo`ladi. Eng muhimi – viloyatimizda yosh iste`dodlarni to`g`ri yo`nalishda tarbiyalab, ulardan yaxshi saviyadagi professional o`yinchi etishib chiqishida “Qizilqum” klubi ham o`z munosib xissasini qo`shish imkoniyatiga ega bo`ladi. Biz o`z shahrimiz va uning atrofidan bo`lgan o`yinchilarning keyinchalik viloyatimiz bosh jamoasi safiga kelib qo`shilishidan har tomonlama yutamiz. Bunday o`zaro manfaatli hamkorlikdan Navoiy viloyatidagi barcha futbolga befarq bo`lmagan kishilar xursand bo`lishiga ishonaman, - deya ta`kidladi Hamidjon Aktamov.