
“O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” ishlab chiqilgani va uning O`FA Ijroqo`mi byurosi tomonidan tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.
Ta`kidlanganidek, PFL mazkur reglament asosida futbol klublarini kelasi mavsum uchun tayyorlab boradi.
Ayni paytda Superliga va Pro ligada ishtirok etuvchi klublarga litsenziyalash talablari haqida atroflicha ma`lumot berish, ulardan ushbu jarayonni muvaffaqiyatli yakunlash, Superliga yoki Pro ligada ishtirok etish uchun qo`yiladigan talablar borasida yanada to`liq axborot berish, aynan qanday jihatlarga e`tibor qaratish lozim ekani, klub tizimi yoki ichki infratuzilmasi bo`yicha tuzatish yoki yaxshilash zarur bo`lgan masalalarini muhokama etish maqsadida bugun, 4 dekabrdan boshlab O`zPFLning ishchi guruhi ish boshladi.
Ishchi guruh bugun dastlab Jizzaxga keldi va “So`g`diyona” klubidagi sharoitlarni tekshirdi. Hozirda, talablarni bajarish uchun klub reja asosida ish boshlagan. Jumladan, stadion maysasi, tribuna va boshqa masalalarda ish allaqachon boshlab yuborilgani oydinlashdi. Ishchi guruh bugungi tashrif chog`ida shuningdek, klub mutasaddilariga kerakli sohalar bo`yicha maslahat va takliflar berdi.
Tashrif chog`ida, klub mutasaddilari shuningdek, marketing hamda media sohalarini rivojlantirish uchun harakat qilishayotganini ta`kidlashdi. Muxlislar bilan ishlashda ham, klub ayni damda faol muxlislarni klubga shtat asosida jalb qilishni rejalashtirgan.
Ma`lumot uchun, PFL monitoring guruhi ertaga, 5 dekabr kuni shuningdek, Samarqandning “Dinamo” klubini monitoring qiladi.