PFLning maxsus ishchi komissiyasi “Buxoro” va “Mash`al” stadionlarini ko`zdan kechirdi

“O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” ishlab chiqilgani va uning O`FA Ijroqo`mi byurosi tomonidan tasdiqlangani haqida xabar bergan edik.

Mazkur reglament futbol klublarini 2019 yilgi mavsum uchun tayyorlab boradi. Hali yangi mavsum oldidan litsenziyalash jarayoni boshlanmagan bo`lsa-da, ayni paytda Superliga va Pro ligada ishtirok etuvchi klublarga litsenziyalash talablari haqida atroflicha ma`lumot berish, ulardan ushbu jarayonni muvaffaqiyatli yakunlash, kelasi mavsumda Superliga yoki Pro ligada ishtirok etish uchun qo`yiladigan talablar borasida to`liq axborot berish ishlari boshlab yuborildi.

Yangi mavsum oldidan klublar oldiga qo`yiladigan talablar ichida eng muhimlaridan biri – yaxshi stadion infratuzilmasiga va yaxshi holatdagi maydonga ega bo`lish sanaladi.

Shu sababdan bu safar Buxoro va Muborakda bo`lgan PFLning maxsus ishchi komissiyasi “Buxoro” va “Mash`al” klublari qarorgohini va ushbu jamoalar uy uchrashuvlarini o`tkazadigan stadionlarning ayni paytdagi holatini ko`zdan kechirdi. “Buxoro” sport majmuasida maydon chimi holatini yaxshilash, maysani parvarish qilish borasidagi kerakli tavsiyalar ushbu soha bo`yicha mutaxassis tomonidan berildi. Shuningdek, mazkur stadiondagi o`rindiqlar holati ham biroz talab darajasida emas ekani e`tirof etilib, kelasi mavsum oldidan tribunalar holatini ham yaxshilash lozimligi ta`kidlandi.

“Mash`al” jamoasi uy o`yinlarini o`tkazadigan “Bahrom Vafoev nomidagi stadion”da ham maydon holatini yaxshilash, maysani parvarish qilish bo`yicha amalga oshirlishi lozim bo`lgan ishlar mavjud ekani ma`lum bo`ldi. Soha bo`yicha mutaxassis qish mavsumida maysa parvarishi bo`yicha o`z tavsiyalarini berdi. Qolaversa, “Mash`al” jamoasi stadion yoritish tizimi (ayni paytda 1100 lyuks) ni yaxshilashi zarur ekani qayd etildi.  

Ushbu klublar maxsus ishchi komissiya tavsiyalariga ko`ra qishdagi mavsumlar oralig`ida mavjud kamchiliklarni bartaraf etishi lozim bo`ladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb