
PEPSISuperliga 31-tur uchrashuvlari doirasidagi “Lokomotiv” – “Paxtakor” uchrashuvi vaqtida “Lokomotiv” jamoasi futbolchisi Marat Bikmaev tomonidan odob-ahloq qoidalariga mos kelmaydigan xatti-harakat amalga oshirilgan edi.
O`yinchi butun o`zbek futboli jamoatchiligi diqqat-markazida turgan uchrashuv vaqtida qo`li bilan xunuk harakat ko`rsatdi va bu holat o`yinni tomosha qilayotgan ko`psonli ishqibozlar tomonidan salbiy qabul qilindi.
Bugun Etika qo`mitasi ushbu holat yuzasidan yig`ilish o`tkazdi va yuz bergan holatni atroflicha o`rganib chiqdi.
Qayd etish joizki, Superliga 23-tur uchrashuvlari doirasidagi “Metallurg” – “Lokomotiv” bahsi 90+4 daqiqasida ham “temiryo`lchilar” jamoasi zaxira o`rindig`ida o`tirgan Marat Bikmaev hakamlar guruhi sha`niga noma`qul so`zlar ishlatgan edi. Natijada o`yinni boshqarib borgan hakam – Vladislav Tseytlin ushbu futbolchini maydondan chetlatib, yozma bildirgi orqali Bikmaev avvaliga zaxira hakamini, so`ngra butun hakamlar guruhini haqorat qilganini ma`lum qilgan va natijada Bikmaev ikkita rasmiy uchrashuvdan chetlatilgan edi.
Marat Bikmaevning “Paxtakor”ga qarshi o`yinda ham odob-ahloq qoidalariga mos kelmaydigan xatti-harakat amalga oshirganini aslo oqlab bo`lmaydi. Zero milliy terma jamoa a`zosi barchaga o`rnak bo`lishi lozim aslida.
Etika qo`mitasi ushbu vaziyatni atroflicha o`rganib chiqqan holda Musobaqalar reglamentining intizomiy va jarimalar kodeksi 3-bo`lim, 5.45 bandining “G” qismini qo`pol ravishda buzgani e`tirof etilgan Marat Bikmaevning 31-tur o`yini vaqtida va ungacha bo`lgan 23-tur uchrashuvi paytida ham odob-ahloq qoidalaridan chetga chiqqanini inobatga olib, futbolchini 2 ta rasmiy o`yinga chetlatdi va futbolchiga nisbatan 20 million so`m miqdorida jarima belgilandi.