Joriy yildan o`zgacha format va yangicha nom olgan O`zbekiston chempionatining 2018 yilgi mavsumi sekin-asta o`z poyoniga etib bormoqda.
Siz-u bizga shiddatli uchrashuvlar, ajoyib gollar, kutilgan va aslo kutilmagan natijalar taqdim etayotgan PEPSI Superliga-2018 yana bitta turdan so`ng o`z nihoyasiga etadi. Ertaga esa, 31-tur doirasidan o`rin olgan so`nggi bahs bo`lib o`tadi.
Ayni paytga kelib, mavsumni ancha ko`tarinki ruhda o`tkazgan “Navbahor”ning bronza medallariga ega chiqishi ma`lum bo`lib ulgurdi. Biroq hali chempion nomi aniqlanganicha yo`q. Mamlakatimizning yangi chempioni va vitse-chempioni kim bo`lishi esa ertaga bo`lib o`tadigan navbatdagi “Toshkent derbisi”da aniq bo`lishi mumkin.
Ertaga, PEPSI Superliga 31-tur uchrashuvlari doirasidagi markaziy to`qnashuv bo`lib o`tadi. Unda O`zbekistonning amaldagi chempioni – “Lokomotiv” chempionatning oltin medallariga ega chiqish bo`yicha rekordchi – “Paxtakor”ga qarshi bahs olib boradi.
Mazkur jamoalar o`rtasidagi bellashuvlar hamisha shiddatli kurashlar ostida va butun o`zbek futboli jamoatchiligi diqqat-markazida o`tib kelgan. Bu safargi to`qnashuv ham avvalgilaridan hech bir jabhada aslo qolishmasligi tayin. Zero ertaga Superliga g`olibi nomi aniqlanishi mumkin.
Ayni paytda “Lokomotiv” va “Paxtakor” jamoalari to`plagan ochkolari o`rtasidagi farq 6 tani tashkil etmoqda. Agar oldinda turgan super-uchrashuvda “Lokomotiv” jamoasi g`alaba qozonsa yoki durang o`ynasa ham ketma-ket uchinchi yil chempionat oltin medallariga ega chiqadi. Buning uchun “temiryo`lchilar”dan ertaga “sherlar”ga imkoniyatni boy bermaslik talab etiladi. “Paxtakor” esa chempionlik yo`lida kurashni davom ettirishi uchun yirik hisobda g`alaba qozonishi lozim bo`ladi. Zero ikkala jamoaning o`zaro o`yinlaridagi ustunlik “Lokomotiv” jamoasi tomonidan bo`lib turibdi.
Har qanday holatda ham ertaga ikkala jamoa ham mavsumdagi eng muhim va qimmatli o`yinini o`tkazadi. Jamoalar tarkiblarida tajriba va mahoratli futbolchilar soni etarlicha ekanini inobatga olsak, ertaga murabbiylar katta sahnaga chiqishlari ehtimol.
Ko`ramiz, omad bu safar qaysi grand klubga nasib etar ekan. Havo harorati ayni paytda yurtimizda biroz sovuq bo`lsa-da, ertaga maydonda “jang” olib boradigan futbolchilar stadionga keladigan tomoshabinlarni bir dam sovuq qotishlariga imkon bermasliklari tayin.
Bahs soat 18:00 da “Lokomotiv” stadionida start oladi. Mavsumning eng muhim o`yinini o`tkazib yubormang!