O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon oyning eng yaxshilarini aniqlash uchun o`tkazib kelayotgan so`rovnomasini davom ettiradi.
Mazkur so`rovnomada PEPSI Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy sayti (www.PFL.uz)da o`tkazilgan so`rovnoma orqali qabul qilindi.
Ortda qolgan oktyabr oyida PEPSI Superligada 25-28-tur uchrashuvlari, shuningdek, O`zbekiston kubogi-2018 final o`yini o`tkazildi. Mazkur uchrashuvlar davomida bir qator futbolchilar ajoyib o`yin namoyish etib, muxlis-u mutaxassislar olqishlariga sazovor bo`ldi. Qolaversa, jamoalariga muhim ochkolarni qo`lga kiritishda ko`mak berishdi.
So`rovnoma yakunlariga ko`ra, oktyabr oyida 3 ta o`yinda maydonga tushib, 5 marta raqiblari darvozasini ishg`ol etgan “Nasaf” hujumchisi– Bobur Abduholiqov eng ko`p ovoz to`pladi va oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deya e`tirof etildi. Abduholiqov bu borada Marat Bikmaev, Yovan Jokich va Farruh Sayfievlarni ortda qoldirdi.