Professional futbol ligasining stadionlarni tekshirish komissiyasi ayni vaqtda vodiyda bo`lib turibdi. Komissiya bugun — 21 noyabr kuni “Qo`qon-1912” klubiga tashrif buyurdi.
Futbol klublarini 2019 yilgi mavsum uchun litsenziyalash ishlari boshlanmay turib aytish kerakki, “Qo`qon-1912” klubining uy stadioni maysasi PFL talablariga javob bermaydi. Tashkilot yil davomida klubni ogohlantirib kelganiga qaramay, bu borada biror siljish ko`rinmadi. Endilikda sanktsiya jiddiy bo`ladi. Agar “Qo`qon-1912” klubi stadioni maysasi borasida dekabrdanoq ish boshlamasa va har 10 kunda PFLga hisobot topshirib turmasa, klub Superliga o`yinlariga qo`yilmaydi. Ish boshlangan taqdirdagina jamoa Superligadagi ishtirokini shartli ravishda davom ettirishi mumkin bo`ladi.
— Bu masaladan xabarim bor. Hozir PFLning stadionlar masalasi bo`yicha komissiyasi bilan birgalikda maydonni ko`zdan kechirmoqdamiz. Ular mavjud barcha kamchiliklarni qayd etishyapti.
Maydonimizning asosiy muammosi chimda. Tan olaman, uning holati talabga javob bermaydi. Shuning uchun ham stadion chimini yaxshi holatga keltirish yuzasidan ish boshladik”, — deb aytib o`tdi “Qo`qon-1912” klubi klub prezidenti Baxtiyor Tolipov PFL matbuot xizmati bilan suhbatda.
“Bizda bundan tashqari stadion projektorlari bo`yicha ham muammo bor. Hozirgi holat talabga javob berishi mumkin, biroq stadionlar bo`yicha yangi reglamentda yoritish tizimini yanada kuchaytirish masalasi aks etar ekan”, — deb fikrini davom ettirdi klub prezidenti.
2019 yilgi mavsumda Superliga va Pro-liga klublari o`z akademiyasini ishga tushirishi shart. Busiz klublar musobaqaga qo`yilmaydi. Eng kamida futbol klublari akademiya uchun ajratiladigan yillik smetani taqdim etishi va smeta bo`yicha pullar bolalar futboliga yo`naltirilganini isbotlab berishi lozim.
“Akademiya qurish ishlari davom etmoqda. Hozirda faqat yuqorida aytib o`tilgan muammolar ustida ishlamoqdamiz. Yangi mavsumni to`liq tayyorgalik bilan boshlashga bel bog`laganmiz”, — deydi “Qo`qon-1912” klub prezidenti Baxtiyor Tolipov.
Ma`lumot uchun, litsenziyalash talabidan kelib chiqib futbol klublari birinchi navbatda infratuzilmaga e`tibor qaratadi va shundan keyingina asosiy tarkib uchun futbolchilarni jalb qiladi. Yuqoridagi masalalar bo`yicha ish boshlanmay turib “Qo`qon-1912” klubiga yangi futbolchilarni ro`yxatdan o`tkazish man etiladi.