PFL litsenziyalash komissiyasi a`zolari Andijonga tashrif buyurishdi

O`zbekiston Professional Futbol Ligasi klublar oldiga qo`yilgan talablarni kelgusi mavsumda jiddiy nazorat qilishi haqida avvalroq xabar bergandik.

 

Ushbu mavsumda klublar bajarishi shart bo`lgan talablarni qisman bajardi va hozirda ham klub infratuzilmasini yaxshilash uchun ular oldiga qo`yilgan talablarni qay tarzda bajarilayotgani O`zPFL tomonidan nazorat qilinmoqda. Ta`kidlash lozim, kelasi haftada yangi mavsum uchun klublarni litsenziyalash bo`yicha yangi reglament havola etiladi. Ushbu reglament asosida kelasi mavsum uchun klublarni litsenziyadan o`tkazish tartibi tasdiqlangan. Asosiy mezon sifatida klublar bajarishi shart hisoblangan talab – stadion infratuzilmasini yaxshilash hisoblanadi. Etarli sharoitga ega hamda barcha talablarga mos keladigan stadion – klublarning o`zi ishtirok etayotgan ligada o`ynashini kafolatlaydi.

 

Ayni damda, faqatgina “Nasaf”, “Paxtakor” va “Lokomotiv” klublarining stadionlari talab darajasidadir va ular o`z uy uchrashuvlarini o`z stadionlarida boshlashi mumkin. Qolgan barcha stadionlar talabga javob bermaydi va ushbu stadionlarda kelgusi mavsum startiga qadar talabga javob beradigan holat kuzatilmasa, uy uchrashuvlarini boshqa stadionlarda o`tkazishlari mumkin. Jumladan, hozirda “Navbahor”, “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Metallurg”, “So`g`diyona”, “Qizilqum”, “AGMK”, “Neftchi”, “Qo`qon-1912” klublari stadionlari xalqaro standartlarga va talablarga javob bermaydi hamda ushbu klublarga kelgusi mavsum startiga qadar stadionlarini shay holatga keltirishi tavsiya etiladi.

 

 

Ta`kidlash joiz, dekabr oyida O`zbekiston Professional Futbol Ligasi xodimlari hamda stadionlar bo`yicha mutaxassislar ushbu stadionlarga tashrif buyurishadi va kelgusi mavsum uchun ushbu stadionlarda qanday ishlar qilinayotganini tekshirishadi. Aynan shu masalada komissiya bugun vodiyga jo`nab ketdi. O`zPFL tomonidan tuzilgan komissiya dastlab, Qo`qon shahriga tashrif buyurib, "Qo`qon-1912" klubi stadionini tekshiradi va olib borilayotgan ishlarni nazorat qiladi. Ushbu komissiya a`zolari orasida stadion chimi bo`yicha mutaxassislar ham faoliyat olib borayotganini ta`kidlash lozim. Hozirda Qarshining Nasaf stadioni chimi bilan shug`ullanayotgan mutaxassislar Andijonga tashrifi chog`ida mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda ish olib borishadi va ularga stadion maysasini yaxshi holatga keltirish borasida kerakli maslahatlarni berishadi.

 

 

Shuningdek, stadionlar bo`yicha mutaxassislar stadion chimlarini yaxshi holatga keltirish bo`yicha klublarga amaliy yordam berishi ko`zda tutilgan. Boisi, stadionlarning holatidan Professional Futbol Ligasi ham manfaatdor va klublarga buning uchun amaliy yordam berishga tayyor.

Ma`lumot uchun, komissiya bugun shuningdek, Namangan hamda Andijon shaharlariga tashrif buyurishni ham rejalashtirishgan. Shundan so`ng, mutaxassislar  Farg`ona  shahridagi stadionlarni ham tekshirishadi.

 

Agarda, stadionlarning sharoiti yaxshilanmasa, klublar kelgusi mavsum oldidan stadionlarini yaxshi holatga keltirmasa, u holda O`zPFL ularga nisbatan jiddiy sanktsiyalar qo`llashini ma`lum qiladi. Jumladan, yuqorida ta`kidlanganidek, ular uy uchrashuvlarini boshqa stadionlarda o`tkazishadi va klublarga stadion sharoitini yaxshilash uchun ma`lum muhlat beriladi. Agar klublar ushbu muhlat ichida ham sharoitni to`g`irlamasa, ularga nisbatan yanada jiddiy choralar ko`rilishi, Pro-Ligadan tushirib yuborilishi ham ko`zda tutilgan.

 

Shuningdek, mavsum o`rtasiga kelib stadioni talabga javob bermaydigan holga kelib qolgan klublar ham jiddiy jazolanadilar.

mib
uzcard
cola
apex
bmb