
O`zbekiston Professional futbol ligasi 2019 yilgi mavsum uchun harakatni rasman boshladi. Bir necha kun avval “O`FA va O`zPFL tomonidan o`tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” ishlab chiqilgandi. Endi esa mazkur reglament O`FA Ijroqo`mi byurosi tomonidan tasdiqlandi.
Mazkur reglament futbol klublarini 2019 yilgi mavsum uchun tayyorlab boradi. Bundagi eng katta yangilik — kelasi mavsumdan boshlab PFL doirasidagi musobaqalar sonining yana 1 taga oshishidir. Litsenziyalash reglamentida Superliga va Pro-liga qatorida, kelasi yildan boshlab tashkil etiladigan 2-liga uchun talablar ham aks etgan. Shu vaqtgacha 2-liga sifatida tushunib kelingan va viloyat futbol federatsiyalari tomonidan o`tkazilgan 2-liga musobaqalari esa endi rasman 3-liga nomini oladi.
Professional futbol ligasi ertaga — 21 noyabr kuni yuqoridagi reglamentni Superliga va Pro-liga klublariga elektron tarzda etkazib beradi. Shuningdek, reglament futbol jamoatchiligi uchun ham taqdim etiladi. Tez kunlarda litsenziyalash bo`yicha reglament kitobcha holida ham chop etiladi.
Mazkur reglamentdagi e`tiborga molik jihatlar haqida bosqichma-bosqich ma`lumot berib boriladi. U Osiyo futbol konfederatsiyasining klublarni litsenziyadan o`tkazish talablari asosida ishlab chiqilgan.