PEPSI Superliga taqvimining 31-tur uchrashuvlari sanalarida bir qator sabablar tufayli o`zgarishlar yuz berdi. Jamoalarning egallagan o`rinlaridan kelib chiqib, so`nggi ikki tur uchrashuvlarida o`zgarishlar bo`lishi mumkinligi avvaldan aytib o`tilgandi.
So`nggi turda qayd etilgan natijalar “jon saqlash” guruhidagi vaziyatni keskin ko`rinishga keltirdi. Natijada bir-biriga bog`liq bo`lgan o`yinlar taqvimda yaqqol ajralib qoldi. Bungacha 24 noyabrga belgilangan “Qo`qon-1912” — “So`g`diyona” hamda 25 noyabrda o`tishi kerak bo`lgan “Nasaf” — AGMK bahslarini endi bir vaqtda o`tkazish mantiqliroqdir. Shundan kelib chiqib, mazkur uchrashuvlar 25 noyabr sanasiga tayinlandi.
O`zPFL Superliganing ikkinchi bosqich taqvimini tuzib chiqayotganida Ektor Kuper hamda MTJ mas`ul vakillari bilan kelishib, o`yinlarni terma jamoalarga halal bermaydigan kunlarga tayin qilgandi. Buning natijasida shu kungacha ikkinchi bosqich taqvimiga qat`iy amal qilib kelindi. Ammo O`zbekiston milliy termasining Avstraliya yig`inidan qaytib kelishi biroz cho`ziladigan bo`ldi. Endilikda bosh jamoa Toshkentga 23 noyabr kuni kechki payt etib keladi. Taqvim bo`yicha 25 noyabr kuni chempionlik o`yini bo`lishi kutilayotgan “Lokomotiv” — “Paxtakor” uchrashuvi o`tkazilishi kerak edi.
Mazkur masala yuzasidan “Paxtakor” futbol klubi O`zPFLga taklif bilan chiqib, uchrashuvni bir kunga kechiktirishni so`radi. Shuningdek, “Lokomotiv” futbol klubi bu taklifni qo`llab-quvvatladi. Mazkur jamoalar futbolchilari milliy termaning asosini tashkil etishi inobatga olinib, PFL ularning taklifini ma`qulladi va poytaxt derbisini 26 noyabrga ko`chirdi. Bu kabi markaziy o`yinlarda futbolchilarning to`liq kuch bilan harakat qila olishi asosiy faktordir.
Shuningdek, Navoiy kon metallurgiya kombinatining 60 yillik bayram tadbirlari munosabati bilan 15—23 noyabr kunlari Navoiy viloyatida katta bayram tadbirlari o`tkaziladi. Tadbirda xalqaro darajadagi mehmonlarning ishtiroki ham ko`zda tutilgan. Viloyat xokimi shu kuni barcha mehmonlarni “Qizilqum” ishtirokidagi o`yinga taklif qilish rejasini PFLga ma`lum qildi. Ma`lumki, “Neftchi” rasman Superligani tark etib ulgurdi, “Qizilqum” esa jon saqlab qolishga erishdi. Shundan kelib chiqib, 24 noyabrdagi “Qizilqum” — “Neftchi” uchrashuvi 23 noyabr sanasiga ko`chirildi.
PEPSI Superliga, 31-tur
23 noyabr, juma
18:00 “QIZILQUM” — “NEFTChI”
24 noyabr shanba
14:00 “BUNYoDKOR” — “METALLURG”
25 noyabr, yakshanba
15:00 “QO`QON-1912” — “SO`G`DIYoNA”
15:00 “NASAF” — AGMK
15:00 “BUXORO” — “NAVBAHOR”
26 noyabr, dushanba
18:00 “LOKOMOTIV” — “PAXTAKOR”
“Bunyodkor” va “Metallurg” jamoalari o`rtasidagi bellashuv kuni “Milliy stadion”da vazirliklar, davlat tashkilotlari o`rtasida o`tkazilayotgan Yoshlar ittifoqining “Do`stlik” spartakiadasi ham bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Shundan va o`yinning shanba kunga to`g`ri kelgani inobatga olinib, “Bunyodkor”ning Bekobod klubiga qarshi o`yini vaqti 14:00 da start oladi.