Pro-liga: Mavsum yakuniga bir tur qolganida “Andijon” Superliga yo`llanmasini naqd qildi

Bugun Pro-liga "A" guruhida 35-tur uchrashuvlari bo`lib o`tdi. Mavsum yakuniga yana bitta tur bor bo`lsa-da, sovrindor jamoalar nomi deyarli aniq bo`lib ulgurdi. Jumladan, “A” guruhida dastlabki uch o`rindan joy oladigan jamoalar nomi allaqachon ma`lum.

Bugun Pro-liga "A" guruhining 35-turi doirasida “Istiqlol”dan ustun kelgan "Andijon" so`nggi turda qanday natija qayd etishidan qat`iy nazar, 1-o`rinni egallashi oydinlashdi.  Zero, ayni paytda 2-pog`onada borayotgan “Mash`al” “Andijon”dan 3 ochko ortda bo`lsa ham, o`zaro o`yinlar natijasiga ko`ra, so`nggi turdan keyin “Andijon”dan oldinga o`tib keta olmaydi. Bu esa andijonliklarning muddatidan avval 1-pog`onani band etganini anglatadi. 

Bilasiz, Pro-liga “A” guruhida 1-o`rinni egallaydigan jamoa kelasi yili Superligada qatnashish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shu sababdan Professional Futbol Ligasi bosh direktori Omon G`ofurov boshchiligidagi ishchi guruh bugun Andijonda bo`ldi va klubning ayni paytdagi holati va kelasi mavsum uchun rejalari bilan tanishdi. Qolaversa, markaziy o`yinni bevosita “Sog`lom avlod” o`yingohidan kuzatdi. 

“Andijon” Pro-ligada g`oliblikni qo`lga kiritgan bo`lsa-da, yaqinda ishlab chiqilgan “O`FA va PFL doirasidagi musobaqalarda ishtirok etuvchi futbol klublarini litsenziyalash va professional futbol klubi maqomini belgilash bo`yicha reglament” talablarini bajarish uchun jiddiy bel bog`lashi shart.

Bugungi tur o`yinlaridan so`ng Pro-liga “A” guruhida 2 va 3-o`rin egalari nomi ham aniq bo`ldi. “Mash`al” jamoasi 2-o`rinni naqd qilib ulgurgan bo`lsa, “Istiqlol” 3-pog`onaga joylashishi oydinlashdi. Zero, “Istiqlol”dan bir ochko kam jamg`argan “Surxon” uchun 2018 yilgi mavsum yakunlandi. Termizliklar so`nggi turda dam olishadi.

Pro-liga “B” guruhida ham sekin-asta musobaqa jadvalining yuqori o`rinlarini egallaydigan jamoalar oydinlashib bormoqda. Ayni paytda dastlabki 2 ta o`rinni band etib turgan jamoalar “Nurafshon” va “Sherdor” ertaga o`zaro bahs olib boradi. Aynan mana shu o`yin ham ko`p narsaga oydinlik kiritib beradi.

Ta`kidlash joizki, Pro-ligada so`nggi – 36-tur o`yinlari 19-20 noyabr kunlari bo`lib o`tadi. So`ngra har ikki guruhda yuqori pog`onalarni band etgan jamoalar pley-off bahslarida maydonga tushishadi. Mavsum avvalida aytilgani kabi, PFL har ikki guruh o`rtasidagi o`tish o`yinini o`tkazishi mumkin, biroq “B” guruhi jamoalarining holati litsenziyalash talablariga mos kelmasa, ular Superligada o`ynay olmaydi. Bu haqda yil boshidayoq aytib o`tilgan va shuning uchun ham liga ikkiga ajratilgan.

 

26-27 noyabr

PLEY-OFF

1-juftlik. Pro-Liga “A” 2-o`rin – Pro-Liga “V” 2-o`rin

2- juftlik. Pro-Liga “A” 3-o`rin – Pro-Liga “V” 1-o`rin

 

 

3 dekabr

PLEY-OFF

Superliga 11-o`rin –1- juftlik

 

4 dekabr

PLEY-OFF 

Superliga 10-o`rin – 2- juftlik 

mib
uzcard
cola
apex
bmb