2018 yilgi milliy chempionatimiz avvalgilaridan ancha farqli tarzda o`tib bormoqda. Yangicha format, o`yin tashkilotchiligi borasidagi yangiliklar bilan boshlangan PEPSI Superliga tez orada o`z g`olib va sovrindorlarini aniqlab oladi.
"Bunyodkor" jamoasining etakchilaridan biriga aylanib ulgurgan Murodjon Toshmatov PFL rasmiy saytiga 2018 yilgi mavsumdan taassurotlari bilan o`rtoqlashdi.
- Joriy yilgi mavsum sizda qanday taassurot qoldirmoqda?
- Avvalambor, shuni aytishim kerakki bu yilgi mavsum ancha qiziqarli o`tmoqda. Ushbu mavsum avvalida "Bunyodkor" klubiga o`tdim va yangi klubda yangicha formatdagi chempionatda o`ynash shaxsan o`zimda katta taassurot qoldirmoqda. Shuningdek, musobaqaning Superliga deb nomlanishi, ikki bosqichdan iborat chempionat biz futbolchilar uchun ham o`ziga xos tajriba bo`ldi.
- Joriy yildan e`tiboran milliy chempionatimizda amalga oshirilib kelinayotgan yangiliklar, o`zgarishlar haqida fikringiz...
- To`g`ri, ushbu mavsumda muxlislar uchun yanada qulayliklar yaratish, muxlislarni stadionga qaytarish uchun juda ko`plab ishlar qilindi va qilinmoqda. Futbolimiz rivoji uchun qilinayotgan bunday harakatlarni qo`llab-quvvatlayman. Shuni alohida ta`kidlamoqchi edimki, stadionlarda bu yildan e`tiboran oilaviy sektorlarning tashkil qilinishi ham muxlislar uchun o`yinlarni oilaviy ko`rishni xohlovchilar uchun yaxshigina yangilik bo`ldi. Muxlislarning stadionni to`ldirib turishi biz futbolchilarga ham o`zgacha ilhom bag`ishlaydi. Sababi futbol muxlislar uchun o`ynaladi, shu qatorida "Bunyodkor" ham muxlislar uchun o`ynaydi. Stadionga qancha muxlis ko`p kelsa, futbol ham shuncha qiziqarli bo`ladi.
- Yana qanday yangiliklar sizga ma`qul keldi yoki aksincha uncha xush kelmadi?
- Avvalgi mavsumlarda asosan poytaxtdagi o`yinlar, ayrim hollarda esa voha yoki vodiy derbilari TV orqali namoyish etilgan bo`lsa, ushbu mavsumdan boshlab barcha o`yinlar TV orqali namoyish etilmoqda. Ko`pchilik o`yinlar esa to`g`ridan-to`g`ri namoyish etilmoqda. Bu ham futbol ishqibozlariga, o`yinni stadiondan ko`rish imkoniyati bo`lmagan yoki jamoasi mehmonda o`ynayotgan klublar ishqibozlariga qulaylik yaratadi. Ko`pchilik xotin-qizlar ham futbol ishqibozi, ularning barchasi stadionga borib kuzatish imkoniyati yo`q, o`yinlarning TVdan olib ko`rsatilishi ayollarimizning ham bemalol futbol ko`rishi uchun imkoniyat desak bo`ladi.
- Sekin-asta mavsum yakunlanib bormoqda. O`z o`yiningiz va jamoangiz natijalaridan ko`ngil to`lyaptimi?
- Mavsum shaxsan o`zim uchun yaxshi o`tdi. Yangi klub, yangi sharoitlar, yangi jamoadoshlar va yangicha chempionat: bularning hammasi ushbu mavsum men uchun alohida ahamiyatga ega ekanligidan dalolat. "Bunyodkor" bir necha marta O`zbekiston chempioni, kubok egasi bo`lgan. Jamoam qayd etayotgan natijalardan kelib chiqsak ushbu natija men uchun yangilik, lekin klub uchun emas. O`zimiz ishtirok etayotgan barcha musobaqalarda sovrinlarga ega chiqishni maqsad qilgan edik, lekin ayrim o`yinlarda o`zimizning xatolarimiz, ayrim joylarda esa omad bizdan yuz o`girganligi sababli afsuski hozirda bronza medallar uchun kurashyapmiz. Qolgan o`yinlarda maksimal darajada ochko olishga va mavsumni sovrindorlar qatorida yakunlash uchun kurashamiz.
"Bunyodkor" jamoasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi