Kamoliddin Murzoev: AGMK finalda tarixiy g`alabaga erishdi

Bilasiz, AGMK jamoasi 28 oktyabr kuni Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida o`tkazilgan O`zbekiston kubogi-2018 final bahsida “Paxtakor”ni mag`lub etib, o`z tarixida ilk marta mamlakat kubogini boshi uzra ko`tardi.

AGMK jamoasi etakchilaridan biri Kamoliddin Murzoev final o`yindan taassurotlari bilan o`rtoqlashdi:

- AGMKning final bahsida g`alaba qozongani – klub uchun tarixiy voqea bo`ldi. Ushbu yutuq bilan barcha olmaliqlik futbol ishqibozlarini tabriklayman. Final o`yini ko`pchiligimiz uchun faoliyatimizdagi eng muhim bellashuvlardan biri bo`ldi. O`yin Farg`onada – neytral maydonda juda yaxshi saviyada tashkillashtirildi. O`yindan bir kun avval Farg`onaga etib borgan paytimizdagi kutib olish marosimidanoq final shukuhi sezildi. O`yin kuni ham barchasi ajoyib tarzda tashkillashtirildi.

Balkim ko`pchilik quyi o`rinlarda borayotganimiz sabab bizning g`alaba qozonishimizni kutmagandir. Lekin biz yakdil jamoa sifatida o`z o`yinimizni ko`rsata oldik va tarixiy g`alabani qo`lga kiritdik. Final kuni bizni qo`llab-quvvatlab turgan barcha ishqibozlardan ham minnatdormiz. 

Bir narsani ta`kidlashim joizki, ushbu muvaffaqiyat sekin-asta AGMKda yaxshi jamoa shakllantirilayotganidan dalolat beradi. So`nggi 2 yilda shu maqsadda ancha mehnat qilindi. Endi Osiyo Chempionlar ligasida ham agar finaldagi kabi shijoat ko`rsata olsak, muxlislarimizni g`alabalar bilan yana xursand etishimizga ishonaman, - dedi futbolchi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb