
28 oktyabr kuni Farg`ona shahridagi muhtasham – “Istiqlol” stadionida futbol bo`yicha O`zbekiston kubogi-2018 final uchrashuvi bo`lib o`tdi.
11152 tomoshabin guvohligida kechgan bellashuvda AGMK hamda “Paxtakor” jamoalari o`zaro bahs olib borishdi. Juda qiziqarli kechgan o`yinda Olmaliq shahri klubi 3:1 hisobida zafar quchdi va o`z tarixida birinchi marta O`zbekiston kubogi sohibiga aylandi.
Shu tariqa AGMK O`zbekiston kubogiga ega chiqqan 8-jamoaga aylandi.
Paxtakor – (1993, 1997, 2001-2007, 2009, 2011)
Bunyodkor – (2008, 2010, 2012, 2013)
Lokomotiv – (2014, 2016, 2017)
Navbahor – (1992, 1995, 1998)
Neftchi – (1994, 1996)
Do`stlik – (2000).
Nasaf – (2015).
AGMK – (2018).
Finalda mag`lubiyatga uchragan “Paxtakor” jamoasi esa mamlakat kubogi finallarida o`ynash bo`yicha o`z rekordini yangiladi. “Sherlar” jamoasi 14-marta finalda qatnashdi va 3-marta final o`yinini boy berdi.
Qolaversa, qayd etish joizki, O`zbekiston kubogi finali tarixda birinchi marta Farg`ona vodiysida tashkil etildi. Bunga qadar esa O`zbekiston kubogi finallari Samarqand (2 marta), Toshkent, Olmaliq hamda Jizzax shaharlarida bo`lib o`tgan edi. Farg`ona shahri finalga mezbonlik qilgan beshinchi shaharga aylandi.
Qolaversa, finallar tarixida 4-marta 3:1 hisobi qayd etildi. Ilgari 2002/2003, 2008, 2011 yillarda ham mamlakat kubogi hal qiluvchi o`yinlari 3:1 hisobida yakunlangan edi.
Yana bir diqqatga sazovor jihat shundan iboratki, AGMK O`zbekiston kubogini qo`lga kiritgan Toshkent viloyatining ikkinchi jamoasiga aylandi. Bunga qadar 1999/2000 mavsumda “Do`stlik” klubi finalda g`olib chiqqan edi.
Ta`kidlash joizki, AGMK jamoasi ustozi Baxtiyor Ashurmatov ham futbolchi, ham murabbiy sifatida O`zbekiston kubogini qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldi. Bu borada u Mirjalol Qosimovga tenglashib oldi.
Yana bir qiziqarli fakt shundan iboratki, AGMK musobaqa jadvalida 6-o`rindan pastda joylashib, mamlakat kubogida g`olib chiqqan dastlabki jamoa bo`ldi.