
Xabaringiz bor, ertaga Farg`ona shahrida O`zbekiston Kubogi finali bo`lib o`tadi. Finalda “Paxtakor” va AGMK jamoalari o`zaro kuch sinashishadi. Ertaga bo`lib o`tadigan final uchrashuvi farg`onalik futbol muxlislarida ham katta qiziqish uyg`otgan. Final uchrashuvidan oldin farg`onalik muxlislar o`z fikrlari bilan o`rtoqlashishdi.
Ixtiyor Niyozov: “Farg`onada Kubok finaliga tayyorgarlik avjida. Uchrashuvga bo`lgan qiziqish har qachongidan ham yuqori. Chunki o`rtaga nafaqat kubok tikilgan, balki OChL uchun ikkinchi yo`llanma taqdiri ham aynan ertangi finalga bog`liq. Farg`onada bunday finallar har doim ham bo`lavermaydi. Shu sabab futbolni sevadigan Farg`ona ahli finalni albatta katta qiziqish bilan tomosha kilishadi. Meni fikrimcha, ertangi finalga keladigan muxlislar soni O`zbekiston kubogi finallari tarixida rekord bo`lishi mumkin”.
Sanjar Xolmatov: “ Final uchrashuvi Farg`onada o`tishini eshitganimdan keyin juda xursand bo`ldim. Boisi, bunday yuqori darajadagi o`yinlarni bevosita stadionda ko`rishning o`zi kishiga qancha quvonch baxsh etadi. Final uchrashuvlari doimo shiddatli o`tadi. Shu sababli ertaga ham kurashlarga boy o`yin guvohiga aylanishimizga ishonchim komil”.
Mamanazar To`xtaev: “Biz futbol muxlislar har doim finallarni katta bayramdek kutamiz. Finalda kimning o`ynashi muhim emas. Farg`ona xalqi finallarni sog`ingan. Biz muxlislar ertangi bahsni intizorlik bilan kutyapmiz. Ertaga haqiqiy bayram bo`lishiga ishonamiz”.
Isroil Mamajonov: “Final uchrashuvini qanchalik intizor bo`lib kutayotganimni tasavvur ham eta olmaysiz. Barchamiz finalda “Neftchi” yoki “Qo`qon-1912” kutgandik. Shunday bo`lsa-da finalga qiziqish katta deb hisoblayman. “Istiqlol” stadionida chiptaga uchun muxlislar navbat kutib turishibdi. Shuning o`ziyoq uchrashuvga bo`lgan qiziqish qay darajada ekanligini belgilab bersa ajab emas”.
Habibullo Nishonov: “Farg`onalik muxlislar “Istiqlol” stadionida ertaga haqiqiy anshlag bo`lishini kutyapmiz. Final har doim ham viloyatimizda bo`lavermaydi. Shunday ekan bunday katta bayramni o`tkazib yuborishni istamaymiz”.
Abdurahim Alamov: “O`FA olib borayotgan islohatlar natijasida bu yilgi kubok bahslari o`zgacha ruhda o`tdi. Bosqichlarning bitta o`yindan iborat bo`lgani esa bahslarning shiddatli o`tishiga zamin yaratdi. Bundan tashqari, finalning Farg`onada o`tishini ham tarixiy voqealardan biri sifatida e`tirof etish mumkin. Bunqasi hali bo`lmagandi. Shuning uchun farg`onalik ishqibozlar xursand. Ular ertangi bahsni intizorlik bilan kutishmoqda.
Finalning Farg`onada o`tishi viloyatimiz futboli rivojiga katta hissa qo`shishiga shubham yo`q Biz mana shunday finallarni sog`inganmiz. Ertaga “Istiqlol” stadionida bayrami bo`lishiga ishonaman. Bundan tashqari, ertaga butun vodiydan muxlislar tashrif buyurishi aniq. Bu nafaqat Farg`ona, butun vodiy futboli uchun bayram. Vodiylik futbol ixlosmandlari esa bunday bayramlarni o`tkazib yuborishni istashmaydi”.
Abror Dehqonov tomonidan tayyorlandi,
"Qo`qon-1912" PFK matbuot xizmati xodimi, "Futbol info" jurnali bosh muharriri.