
O`zbekiston kubogi-2018 final uchrashuvida AGMK va “Paxtakor” jamoalari qarama-qarshiligiga guvoh bo`lamiz.
Har ikki jamoa ham hal qiluvchi bellashuvga tayyorgarlik jarayonini davom ettirmoqda. AGMK jamoasi mohir yarim himoyachilaridan biri Muzaffar Muzaffarov final oldidan o`z fikr-mulohazalarini bildirib o`tdi:
- O`zbekiston kubogi finali – juda muhim uchrashuv. Finalga chiqish uchun bir qator jamoalar qarshiligini enggishga to`g`ri keldi. Endi finalda ham o`z xarakterimizni namoyish etishimiz talab etiladi. Men faoliyatim davomida ilk marta final o`yinida maydonga tushish imkoniyatiga ega bo`lyapman. Bundan juda mamnunman. Butun jamoamiz final bahsida chiroyli o`yin namoyish etib, Osiyo Chempionlar ligasida qatnashish imkoniyatini qo`lga kiritishni maqsad qilmoqda. Maydonda o`z mahoratimizni ko`rsatib, ishqibozlarimizga chiroyli g`alaba taqdim etishga urinamiz, - dedi futbolchi o`yin oldidan.
Ta`kidlash joiz, O`zbekiston kubogi-2018 final uchrashuvi Farg`onadagi “Istiqlol” stadionida bo`lib o`tadi. O`yin 28 oktyabr kuni soat 15:00da boshlanadi.