
Xabaringiz bor, O`zbekiston kubogi-2018 final uchrashuvida AGMK va “Paxtakor” jamoalari o`zaro bahs olib borishadi.
Mamlakat kubogining hal qiluvchi o`yini 28 oktyabr kuni Farg`ona shahridagi muhtasham – “Istiqlol” stadionida bo`lib o`tadi. Final uchrashuvi soat 15:00da start oladi.
Finaldan bir kun avval har ikki jamoa ustozlari hamda bir nafardan etakchi futbolchilari ishtirokida o`yin oldi matbuot anjumani tashkil etiladi. O`zbekiston Professional Futbol Ligasida akkreditatsiyadan o`tgan barcha turdagi OAV vakillari mazkur uchrashuv oldi tadbirlari, o`yin va uning atrofidagi barcha voqeliklarni bevosita voqea joyidan yoritishlari mumkin bo`ladi. Buning uchun PFL elektron pochtasi (info@pfl.uz)ga har bir nashr finalga boradigan jurnalistlari ro`yxatini taqdim etishi lozim.
AGMK jamoasi 27 oktyabr kuni soat 16:00da “Istiqlol” stadionida o`yin oldi rasmiy mashg`ulotini o`tkazadi. Uning dastlabki 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq tarzda o`tadi. Soat 16:45da “Paxtakor” jamoasi bosh murabbiyi Shota Arveladze hamda “sherlar”ning bir nafar futbolchisi ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tadi. Soat 17:00dan boshlab esa “Paxtakor” rasmiy mashg`ulot o`tkazadi va uning ham 15 daqiqasi ochiq tarzda o`tadi. Soat 17:15da AGMK ustozi Baxtiyor Ashurmatov va jamoa futbolchisi ishtirokida o`yin oldi matbuot anjumani bo`lib o`tadi.
Mazkur o`yinni yuqori saviyada tashkil etishga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. O`yin kuni uchrashuv boshlanishi oldidan stadionga tashrif buyuradigan muxlislar uchun katta kontsert dasturi tashkil etiladi.
Barchani final bahsiga taklif etamiz!