Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab O`zbekiston Professional Futbol Ligasi hamda Ispaniya La ligasi yaqindan hamkorlikni yo`lga qo`ydi.
Imzolangan hamkorlik to`g`risidagi memorandum doirasida bir qancha loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 28 oktyabr kuni yaqin o`tmishning mashxur hujumkor yarim himoyachilaridan biri, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va Ispaniya terma jamoasi safida ko`rsatgan mazmunli o`yinlari bilan muxlislar olqishiga sazovor bo`lgan futbolchi, endilikdagi La liga elchisi – Luis Garsiya Toshkentga keladi va o`zbekistonlik yosh “charm to`p” ustalariga mahorat darslari o`tib beradi.
La liga hamda PFL hamkorligi doirasida tashkil etilayotgan mazkur mahorat darslari “Milliy” stadionida bo`lib o`tadi. Yaqin o`tmishning mashxur yarim himoyachilaridan biri Luis Garsiya yosh futbolchilarimizga o`z tajribasi bilan o`rtoqlashadi va ko`rgazmali uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta jamoa safida bir taymdan to`p suradi.
Luis Garsiya tashrifi doirasida matbuot anjumani o`tkazilishi ham ko`zda tutilgan.