
9-11 oktyabr kunlari Qirg`iziston Respublikasining Batken shahrida qo`shni davlatlar o`rtasidagi aloqalarni sport orqali yanada mustahkamlash maqsadida ilk marta “Farg`ona vodiysi kubogi” bo`lib o`tishi haqida xabar bergan edik.
Musobaqada Tojikistonning “Xo`jand”, Qirg`izistonning “Oloy” va Batken viloyati terma jamoasi, shuningdek, O`zbekistonning “Neftchi” klublari ishtirok etishmoqda. Bugun “Farg`ona vodiysi kubogi” start oldi.
Unda ishtirok etayotgan Farg`onaning “Neftchi” jamoasi ilk o`yinini Batken viloyati terma jamoasiga qarshi o`tkazdi. Qiziqarli kechgan bellashuvda “Neftchi” raqibni 7:1 hisobida mag`lubiyatga uchratdi.
Batken – “Neftchi” – 1:7
Bosh hakam: T. Toktoboev.
Gollar: Razzoqov (46) – Bobur Yuldashev (28, 39), Andrey Sidorov (30), Abdurahmon Abdulxaqov (33), Islom Toshpo`latov (71), Doston Abduraxmonov (83), Jamshid Qobulov (89).
Ta`kidlash joizki, musobaqada asosiy jamoalar bilan birgalikda shuningdek, ushbu klublarning 12 yoshgacha bo`lgan tarbiyalanuvchilari ham o`zaro g`oliblik uchun kurash olib borishmoqda. Ilk o`yinda farg`onalik yosh futbolchilar Batken (U-12) jamoasini 1:0 hisobida mag`lub etishdi.
Ertaga “Neftchi” Qirg`izistonning “Oloy” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.