Xabaringiz bor, joriy yildan boshlab O`zbekiston hamda Ispaniya futbol ligalari o`rtasida yaqindan hamkorlik yo`lga qo`yildi.
Aprel oyi boshida Madridda amaliy ishchi tashrif bilan bo`lgan O`zPFL bosh direktori Omon G`ofurov La liga bosh direktori Xaver Gomes bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha kelishuvga erishgandi. La liga bosh direktori o`zbek futboli rivojiga hissa qo`shishga, mutaxassislarni O`zbekistonga yuborib, turli seminarlar tashkil qilish va tajribalari bilan o`rtoqlashishga tayyor ekanini ma`lum qilgandi.
Uchrashuv yakunida esa O`zbekiston Professional futbol ligasi hamda Ispaniya La ligasi o`rtasida 2020 yilga qadar mo`ljallangan ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangandi. Ushbu memorandumga ko`ra, La liga mutaxassislari marketing, futbolga oid turli dasturlar, klublar bilan ishlash, translyatsiyalar va boshqa ko`plab masalalar bo`yicha yurtimizdagi mutaxassislarga yordam beradigan bo`lishdi.
O`zaro hamkorlik doirasida joriy yil so`nggiga qadar yana bir qator tadbirlar amalga oshirilishi ko`zda tutilgan. Mana shunday loyihalar doirasida ispan mutaxassislari kelasi mavsum uchun Musobaqalar Reglamentini ishlab chiqishda o`z tajriba hamda tavsiyalari bilan yordam berishadi.
Professional Futbol Ligasi allaqachon kelasi yilda bo`lib o`tadigan musobaqalar uchun Reglament ishlab chiqishni boshlab yuborgan. Keyingi yilgi Musobaqalar Reglamentiga joriy mavsumdan kerakli xulosalar qilingan holda bir qancha yangiliklar kiritiladi. Bunda La liga mutaxassislari ham o`z takliflarini berishadi.
Ta`kidlash joizki, kelasi mavsumdan Musobaqalar Reglamenti o`zbek tilida ham tuziladi. Bunga qadar Reglament faqat rus tilida nashr etib kelingan. Bundan buyon futbol jamoatchiligiga Musobaqalar Reglamenti ham o`zbek, ham rus tilida taqdim etiladi.