Pro liga 28-tur uchrashuvlari doirasidan o`rin olgan “G`ijduvon” – “Xotira-79” uchrashuvi o`tkazilmaydi. Bunda mezbonlarga texnik g`alaba, mehmonlarga esa texnik mag`lubiyat yoziladi.
Chunki “Xotira-79” jamoasi safar uchrashuviga murabbiylar shtabisiz tashrif buyurdi. G`ijduvonga Uychidan faqatgina 14 nafar futbolchigina keldi xolos. Jamoaning natijasi uchun javob beradigan murabbiy, jamoaga mas`ul – ma`mur, futbolchilar sog`ligiga javobgar sanaluvchi klub shifokori esa noma`lum sabablarga ko`ra o`yinga kela olmadi. Shu sababdan uchrashuv komissari o`yin o`tkazilmasligini lozim topdi.
Ta`kidlash joiz, oldinroq Uychi tumanining “Xotira-79” klubiga Pro-Liga 22-turidan joy olgan “Labsa” — “Xotira-79” safar o`yiniga ham bora olmagani sabab texnik mag`lubiyat yozilgan edi.
Davralar oralig`ida moliyaviy muammolarga duch kelgan mazkur klubning Pro ligada ishtirokini davom ettirishi masalasi tez kunlarda PFL komissiyasi tomonidan ko`rib chiqiladi.
O`z oldiga hech qanday maqsad qo`ya olmaydigan va faqatgina bugungi kuni bilan yashaydigan klublar bilan chempionat saviyasini ko`tarish qiyin. Kelasi yildan boshlab bu kabi jamoalar formati o`zgaradigan 2-liga musobaqalarida ishtirok etishi mumkin. Pro-Ligada esa Superliganing minimal talablariga javob bera oladigan klublargina qoldiriladi.