Bilasiz, O`zbekiston Professional futbol ligasi mavsum boshidan buyon har oyning eng yaxshilarini aniqlab kelmoqda.
Mazkur so`rovnomada Pepsi Superliganing 12 ta klubi bosh murabbiylari va sardorlari ishtirok etdi. Muxlislar ovozi esa PFL rasmiy saytida o`tkazilgan so`rovnoma orqali qabul qilindi.
Ortda qolgan avgust oyida 3 ta tur uchrashuvlari bo`lib o`tdi. O`tkazilgan 20-21-22-turlar davomida bir qator jamoalar muxlislarga yoqadigan o`yin namoyish etishdi.
Oyning eng yaxshilarini aniqlash uchun o`tkazilgan so`rovnomada “Neftchi” jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Xaydarov g`oliblikni qo`lga kiritdi. Mavsumni u qadar muvaffaqiyatli boshlay olmagan Bahrom Xaydarov ustozligidagi farg`onaliklar avgust oyini juda ko`tarinki ruhda o`tkazishdi va yakunda 2 g`alaba va 1 durang qayd etishdi. Jamoa avgustda umuman mag`lub bo`lmadi. Natijada so`rovnomada eng ko`p ovoz olgan murabbiy yakunda 43 ochko jamg`ardi.
Ikkinchi pog`onadan 3 uchrashuvda 2 g`alaba va 1 mag`lubiyat qayd etgan AGMK ustozi Baxtiyor Ashurmatov o`rin oldi. Uchinchi o`rin esa “Lokomotiv” bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi Andrey Fyodorovga nasib etdi.