Pro-Liga 23-turidan joy olgan “Dinamo” — “Xorazm” o`yinida futbolda kam kuzatiladigan holat ro`y berib, bosh hakam Igor Xudoydatov uchrashuvning ikkinchi bo`limiga 15 daqiqa vaqt qo`shib bergan.
Bunga qadar mehmonlar hisobda oldinda borayotgan bo`lsa, qo`shib berilgan daqiqalarda samarqandlik futbolchilar 2 ta gol urib, g`alabani ilib ketgan. Mazkur holat esa futbol muxlislarida shubha uyg`otgan. Shundan kelib chiqib, PFL komissiyasi “Dinamo” — “Xorazm” uchrashuvini o`rganib chiqdi.
Ikkinchi bo`limda to`xtalishlar vaqti 15 daqiqadan oshib ketganligi fakt. Mazkur holat videoda o`z ifodasini topgan. Mehmonlar uchrashuv vaqtini ochiqchasiga cho`zishga intilgan. Qo`shimchasiga, bosh hakam tomonidan maydondan chetlashtirilgan darvozabon G`ayrat O`daevning maydondan chiqib ketishiga 6 daqiqa vaqt kerak bo`lgan.
O`daev uchrashuvning 51-daqiqasida hakam qaroriga jiddiy e`tiroz bildirgani uchun ogohlantirilgan. Mazkur holat videoda yaqqol ko`ringan. 63-daqiqaga kelib esa darvozabon to`pni o`yinga kiritishni paysalga solib, maydon tashqarisidagi futbolchi bilan gaplashib turavergan. Keyin esa hakam bilan “suhbatini” davom ettirgan va maydondan chetlatilgan.
Uchrashuvni o`rganib chiqish jarayonida shubhali bo`lib ko`ringan qo`shimcha 15 daqiqa, darvozabonning maydondan chetlatilishi, “Xorazm” darvozasiga penalti belgilanishida hakamning xatosi ko`rinmadi. Uning hatti-harakati o`yin natijasiga o`z ta`sirini ko`rsatmagan. Bu kabi holatlarda futbolchilar o`z zimmasidagi vazifani bajarishi — futbol o`ynashi kerak. O`yin vaqtini sun`iy cho`zish kabi illatni esa oqlab bo`lmaydi. O`zini hurmat qilgan, raqib ko`ziga tik boqa oladigan va o`z kuchiga ishongan futbolchilar bunday illatlardan uzoqda bo`lishi shart.
Yana bir jihatga e`tibor qaratish kerak. “Xorazm” futbol klubi Samarqandga bir dona darvozabon bilan tashrif buyurgan. Darvozabonning ehtimoliy jarohatini ham inobatga olganda, mehmonlarning bu ishini tushunish qiyin. Shuningdek, zaxira o`rindig`ida ikki murabbiydan boshqa hech kim bo`lmagan. Klub o`yinga shifokorsiz kelgani uchun, “Dinamo” klubi shifokorlari har ikki jamoa futbolchilariga ham yordamga yugurgan. Ikkinchi bo`limda asosan mehmonlar “jarohat olgani” inobatga olinsa, “Xorazm” klubi mutasaddilarining ishini professionallikka yo`yib bo`lmaydi.
PFL klublardagi moliyaviy holatdan xabardor. Shuning uchun ham qarzdorliklar masalasi kuz fasliga qadar cho`zib kelindi, klublarga imkoniyat berildi. Haqiqat shundan iboratki, klublarga 10—20 yillar davomida talab va munosabat shunday bo`lgan uchun ham ligada o`sish yo`q. Shuning uchun ham PFL Pro-Liga klublariga Superliga jamoalariga qo`yilgan shtat-jadvali talablarini yuborgan. Talab qattiq bo`lmasa, hozirgi holat yana bir necha yillar davom etishi mumkin.
PFL komissiyasi o`yinni o`rganib chiqish jarayonida mehmonlar darvozaboni G`ayrat O`daevning hatti-harakatiga o`z e`tiborini qaratdi. O`yin vaqtini cho`zish, hakamning ishiga halal berish, provakatsiyaga qo`zg`ash kabi harakatlari uchun darvozabon “Xorazm” ishtirokidagi 2 ta o`yindan chetlashtirildi hamda unga 5 million so`m jarima solindi.
Shuningdek, “Xorazm” futbol klubi keyingi uchrashuvlarga ham shunday munosabatda bo`lib, o`yinga ma`mur hamda shifokorsiz tashrif buyursa, klub futbolkalari o`yin uchun tayyor bo`lmasa — jamoa texnik mag`lubiyat qabul qilib oladi va o`yinga chiqarilmaydi. Bu talab Pro-Liganing barcha klublari uchun birdek tegishlidir. PFL bir oy avval Pro-Liga klublari uchun ham shtat jadvali taqdim etgan bo`lib, unda klubda qanday xodimlar bo`lishi kerakligi aniq ko`rsatib o`tilgan. Demak, ortiqcha savolga o`rin qolmasligi kerak.