Abdumavlon Abdujalilov: “Neftchi” ikkinchi bosqichda so`nggi o`rindan yuqorilaydi

PEPSI Superliga bahslarida birinchi bosqich yakunlandi. Jamoalar endilikda 6 tadan 2 ta guruhga ajratiladi.

Dastlabki guruh chempionat medallari uchun kurash olib borsa, ikkinchi oltitalik PEPSI Superligada jon saqlab qolish uchun bahs yuritadi. Jamoalar endi o`z guruhi doirasida uy-safar tizimida jami 10 ta uchrashuv o`tkazishadi.

“Neftchi” jamoasi darvozaboni Abdumavlon Abdujalilov PFL rasmiy saytiga birinchi bosqich taassurotlari hamda yangi boshlanadigan bosqichdan nimalar kutayotgani haqida so`zlab berdi.

- PEPSI Superliga bahslari ancha shiddatli tarzda kechyapti. Bunga birinchi bosqichning deyarli barcha uchrashuvlarida guvoh bo`ldik. Jamoalar har bir o`yinda imkon qadar ochko yo`qotmaslikka urinishyapti. Bu yil raqobat oshgani chindan bilinyapti.

Har bir uchrashuvning bayramona tarzda tashkil etilayotgani esa muxlislarni ham, futbolchilarni ham quvontiryapti. Zero o`yinning ko`pchilik diqqat-markazida ekanini ko`rish yoqimli. Qolaversa, uchrashuvlarning TV orqali namoyish etilayotganini ham maqtash kerak. Agar o`yin TVda namoyish etilsa, maydonda yuz berayotgan voqealarni barcha ko`radi. Bu orqali shaffoflik ham ta`minlanadi, ortiqcha gap-so`zlarga chek qo`yiladi.

Milliy chempionatimizning Superligaga aylantirilgani, o`yin atrofida amalga oshirilayotgan tashkilotchiliklar stadionlarda muxlislar tashrifi oshishini ta`minlamoqda. Bu juda ijobiy holat. Yaqin yillar ichida ushbu o`zgarishlarning samarasi yaqqol ko`rinadi. Umuman olganda, Superliga-2018ning birinchi bosqichidan ijobiy taassurotlar qoldi, deya olaman.

Faqatgina jamoamizning musobaqa jadvali quyi pog`onasini egallab turgani kishini hafa qilmoqda. To`g`risi, jamoamiz so`nggi o`rinni egallab, kam ochko jamg`argan bo`lsa ham, aslida o`yinlarni u qadar yomon o`tkazmadik. Ko`pincha o`yinni durang bilan yakunladik. Birinchi bosqich oxiriga kelib esa ancha o`yinimiz qovusha boshladi.

Ana endi jamoalar ikki guruhga ajratiladi. Superligada qolish uchun kurashadigan jamoalar ochkolariga e`tibor qaratsak, bizdan yuqoriroqda turgan klublar bilan o`rtamizdagi farq u qadar katta emas. Bu esa hali bizda ham xavfli zonadan uzoqlashishga imkoniyat etarli ekanini anglatadi.

“Neftchi” jamoasi ikkinchi bosqichni yuqori kayfiyatda o`tkazib, har bir uchrashuvda chiroyli o`yin namoyish etishga, muhim ochkolarni qo`lga kiritib, muxlislarini xursand qilishga urinadi. Men ishonaman, “Neftchi” hali bemalol xavfli zonani tark etadi va musobaqa jadvalida yuqorilaydi, - dedi mahoratli darvozabon.  

 

“Neftchi” jamoasi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi

mib
uzcard
cola
apex
bmb