Avvalgi yillardan ancha o`zgacha tarzda o`tkazilayotgan PEPSI Superliga bahslarida birinchi bosqich yakunlandi.
Jamoalar endi 6 tadan 2 ta guruhga ajratiladi. Dastlabki guruh chempionat medallari uchun kurash olib borsa, ikkinchi oltitalik Superligada jon saqlab qolish uchun bahs yuritadi. Jamoalar endi o`z guruhi doirasida uy-safar tizimida jami 10 ta uchrashuv o`tkazishadi.
Jon saqlash yo`lida oxirgi o`rinni olgan jamoa Pro ligaga yo`l oladi. Jon saqlash yo`lida 4 va 5-o`rinni egallaydigan klublar esa o`tish o`yinlarida qatnashadi.
Dastlabki bosqich yakunlariga ko`ra, Olmaliqning AGMK jamoasi yuqori oltilikdan joy ola bilmadi va endilikda Superligada qolish uchun bahslarga kirishadi. Birinchi bosqich yakunlari xususida AGMK jamoasi sardori Lutfulla To`raev PFL rasmiy saytiga intervyu berdi.
- Milliy chempionatimiz joriy yildan boshlab o`zgacha nom oldi, yangicha tartibda o`tkazilmoqda. Hozirgi PEPSI Superliganing avvalgi Oliy ligadan qanday farqli jihatlari sizning e`tiboringizni tortdi?
- Bu yil mavsum boshidan milliy chempionatimizda o`zgarishlar, yangiliklar ko`p bo`ldi. Endilikda ichki chempionatimiz PEPSI Superliga deya nomlanmoqda. Unda avvalgidan farqli ravishda 12 ta jamoa ishtirok etmoqda. Bu esa butun futbolimiz jamoatchiligi uchun o`ziga xos yangilik bo`ldi. Ayniqsa, chempionatning ikki bosqichga bo`linishi va jamoalarning birinchi bosqichdagi natijalariga qarab 2 ta guruhga ajratilishi ko`pchilikning e`tiborini tortdi.
- Milliy chempionatimiz saviyasi o`smoqda, degan fikrga qo`shilasizmi?
- Albatta. E`tibor bersangiz, Superligadagi klublar dastlab saralab olindi va yakunda talablarga javob bergan 12 ta klub elitada qoldirildi. Endi o`sha jamoalar bir-biri bilan bahs yuritmoqda. O`yinlar shiddati chindan ham ortdi. Zero jamoalar birinchi bosqich davomida kuchli oltilikka kirish uchun juda jiddiy kurash olib borishdi. Har bir uchrashuvda ochko uchun kurash olib borildi. Natijada raqobat ancha o`sdi, deb o`ylayman.
- O`zgarishlar faqat o`yin borasidagi raqobatda ko`zga tashlanyaptimi?
- Barcha jabhada ham o`zgarishlar bor. Ayniqsa, tashkiliy jihatdan yangiliklar kishi e`tiborini darhol tortadi. O`yin va uning atrofidagi turli tadbirlar, o`yin oldi kontsert dasturlari, o`yindan keyingi maxsus hududdagi intervyu jarayonlari, uchrashuvlarning deyarli barchasi TVda ko`rsatilayotganini ijobiy baholash mumkin. Bu esa futbolga jamoatchilik qiziqishi va e`tiborini oshirishda juda muhim rol o`ynayotganini ko`rib turibmiz. Muxlislarning stadionlarga tashrifi ancha ko`paydi. Bu esa biz futbolchilarni ham xursand qilyapti.
- Lekin AGMK jamoasi dastlabki bosqich yakunlanganidan so`ng chempionlik uchun emas, balki Superligada qolish uchun kurash olib borishi oydinlashdi…
- Afsuski, shunday. Bizga aksariyat uchrashuvlarda kutilmaganda ochko yo`qotganimiz pand berdi. Ayniqsa, birinchi bosqichning ikkinchi davrasi avvalida ko`p o`yinlarda imkoniyatni boy berdik va yakunda shu holat musobaqa jadvalidagi o`rnimizga ta`sir o`tkazdi. Na iloj, endi ikkinchi oltitalikda Superligada qolish uchun bahs yuritamiz. Jamoamiz ikkinchi bosqichda o`z guruhida 1-o`rinni band etish uchun kurash olib boradi. Nasib bo`lsa, muxlislarimizni ikkinchi bosqichda ko`plab g`alabalar bilan xursand etishga harakat qilamiz.
AGMK matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.