Musobaqalar reglamentini qo`pol ravishda buzganligi uchun “G`ijduvon” FK jarimaga tortildi

O`zbekiston chempionati Pro-Ligasining 21-turidagi “G`ijduvon” – “Iftixor”, 20-turidagi “Labsa” – “G`ijduvon” va 19-turidagi “G`ijduvon” – “Lokomotiv-BFK” urashuvlarida Musobaqalar reglamentining “Ishtirokchilar va musobaqalar o`tkazish tartibi” bo`limida ko`rsatilgan 4.20 band qo`pol ravishda buzib kelingani aniqlandi. Unga ko`ra, Buxoro viloyatining “G`ijduvon” jamoasi vakillari uchrashuv rasmiy qaydnomasiga kiritilmagan shaxs – T.Aslanovning stadion texnik xududidan joy olishiga ongli ravishda yo`l qo`yib kelgan. Kuzatuv va surishtiruvlar shuni ko`rsatdiki, T.Aslanov texnik xududdan joy olibgina qolmay, o`yinlar davomida futbolchilarga ko`rsatmalar ham berib kelgan, qo`shimchasiga, jamoa natijasiga bevosita ta`sir o`tkazishga harakat qilgan.

Shu munosabat bilan, Musobaqalar reglamentining intizomiy va jarimalar kodeksi 2-qism 5.37 bandini bir necha bor buzganligi uchun “G`ijduvon” futbol klubi 20.000.000 (yigirma million) so`m miqdorida jarimaga tortildi.

Uchrashuv rasmiy qaydnomasini to`ldirish hamda uni nazorat qilishda e`tiborsizlikka yo`l qo`yib, texnik xududda qaydnomada ko`rsatilmagan shaxsni joylashib olishiga imkoniyat yaratib bergani uchun “G`ijduvon” ishtirokidagi 19, 20 va 21-tur uchrashuvlarida zaxira hakami, uchrashuv nazoratchisi va komissari sifatida faoliyat yuritgan xodimlar jiddiy ogohlantirildi. 

Musobaqalar o`tkazish tartibini bila turib, uni buzib kelgani uchun T.Aslanovning Superliga va Pro-Liga klublarida 2018 yilgi mavsum oxiriga qadar faoliyat olib borishi man etiladi. Vaziyat yaxshilanmasa, Aslanovni futbolga aloqador har qanday faoliyatdan chetlashtirish masalasini so`rab O`zPFL O`FA Ijroiya qo`mitasiga murojaat qiladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb