PFL Davron Hoshimov masalasini qayta ko`rib chiqdi

PEPSI Superliganing 21-turidan keyin PFL “Navbahor” futbol klubini 10 million va yana uch nafar futbolchini 5 million so`mdan jarimaga tortgandi.

Bugun — 14 avgust kuni jarima tortilgan futbolchilardan biri Davron Hoshimov PFLga tashrif buyurdi va bo`lib o`tgan ish yuzasidan tushuntirish berdi.

“Kechasi bilan uxlolmay chiqdim. Sizlarni ishontirib aytamanki, men sariq kartochkani “tozalanib olish” uchun olganim yo`q. Ko`pchilik yaxshi biladi, futbol o`yini vaqtida hissiyotlarga tez berilaman. Uchrashuvdan keyin qilgan ishlarim uchun pushaymon bo`lgan vaqtlarim ko`p bo`lgan. Ammo “Buxoro”ga qarshi o`yinda sariq kartochkani qasddan tilab olganim yo`q, men bunday ishlarga qo`shilmayman va buni qoralayman”, — deydi Davron Hoshimov.

Davron Hoshimov PFL qarorlariga e`tiroz bildirmasligi haqida aytdi. Shunchaki, asl haqiqat qanday bo`lganini ma`lum qilish uchun ham tashkilot ofisiga tashrif buyurganini tushuntirdi.

“Paxtakor”da qolishim ham mumkin edi. Biroq bunda ko`p vaqtim zaxirada o`tib ketishi katta ehtimol bo`lib turgandi. Men esa maoshi kamroq bo`lsa-da, “Navbahor”ni tanladim. Bunda ko`proq o`yin amaliyotiga ega bo`lish va shu yo`l orqali milliy termaga qaytishim mumkinligi haqida o`yladim. Mana shunday vaqtda qaysidir o`yinni qo`yib yuborishni xayolimga ham keltirmayman. Men oilada katta farzandman. Men qancha ko`p o`yinda maydonga tushsam, o`zimga shuncha yaxshi”, — dedi futbolchi.

Himoyachi o`zidan keyin ogohlantirish olgan futbolchilar masalasiga ham e`tibor qaratdi. Uchrashuvdan keyin yosh Oston O`runovni koyigani, endi “gullayotgan” futbolchi bunday yo`l tutishi to`g`ri emasligini tushuntirgani haqida so`zlab berdi. Suhbat davomida Jahongir Mehmonov hamda Oston O`runovning mug`ombirlik yo`li bilan sariq kartochka olganiga shubha qolmadi. Davron Hoshimov esa vaziyat aslida qanday bo`lgani borasida tushuntirish berdi hamda PFL vaziyatni takroran o`rganib chiqishini so`radi.

“Men bunday ishlarga aralashmayman. Menga ko`proq o`ynaganim, yaxshiroq pul topib, oila tebratganim ma`qul. Hatto vaziyat mening foydamga hal qilinmasa ham roziman. Shunchaki, muxlislarda shubha bo`lmasligi uchun ham shu erdaman”, — deb aytib o`tdi “Navbahor” himoyachisi.

PFL komissiyasi erta tongda PFLga etib kelgan Davron Hoshimov ogohlantirilgan vaziyatni qayta ko`rib chiqib, o`z qaroriga tushdan keyin o`zgartirish kiritdi. Unga ko`ra, “Navbahor” futbol klubi o`z gardanidagi 10 million so`mni, shuningdek, Jahongir Mehmonov hamda Oston O`runov 5 million so`mni jarima sifatida to`lab beradi. Mazkur ikki futbolchi 22-turdan tashqari 23-tur bellashuvlarini ham o`tkazib yuboradi.

Davron Hoshimovga nisbatan chiqarilgan hukm esa o`z kuchini yo`qotadi. PFL qolgan futbolchilarni ham halol o`ynashga, muxlislarni, futbolni va o`zlarini aldamaslikka chorlab qoladi. 

Hoshimov 23-tur o`yinida ishtirok etish huquqiga ega. “Navbahor” bu turni kimga qarshi o`tkazishi esa 22-tur yakuniga etgach tashlanadigan qur`a oydinlik kiritib beradi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb