
Futbol bo`yicha ayollar jamoalari o`rtasida o`tkazilayotgan mamlakat chempionati Superliga 14-turi doirasidagi “So`g`diyona-W” – “Sho`rtan-Lady” uchrashuvi 70-daqiqasida “So`g`diyona-W” futbolchisi Nasiba Xojieva qizil kartochka olib maydondan chetlatilgan edi.
Biroq 15-tur uchrashuvlari doirasidan o`rin olgan “Sho`rtan-Lady” – “So`g`diyona-W” uchrashuvida Nasiba Xojieva bundan avvalgi turda qizil kartochka olgani uchun Musobaqalar reglamentida belgilangan jazoni o`tamay turib, maydonga tushgan.
Mazkur holatni yuzasidan Tartib-intizom qo`mitasi qaror chiqardi. Unga ko`ra, Musobaqalar reglamentining intizomiy va jarimalar kodeksi 3-bo`lim 5.4 bandi qo`pol ravishda buzganligi uchun “So`g`diyona-W” jamoasi futbolchisi Nasiba Xojieva ayollar chempionatning navbatdagi ikkita (16 va17-turlar) turidan chetlashtirildi.
Uchrashuv komissari hamda nazoratchisi ushbu holatni jiddiy nazorat ostiga olmay, diskvalifikatsiya qilingan futbolchini muddati yakunlamay turib, rasmiy uchrashuv qaydnomasiga kiritilishiga yo`l qo`yib berganligi uchun ayollar chempionatining 17 va 18-tur uchrashuvlaridan chetlashtirildi.
Shuningdek, Musobaqalar reglamentining 3-band 3.12 qismiga ko`ra, “Sho`rtan-Lady” – “So`g`diyona-W” uchrashuvida qayd etilgan 3:4 hisobi va kiritilgan gollar bekor qilinib, “Sho`rtan-Lady” jamoasiga texnik g`alaba (+:-), “So`g`diyona-W” jamoasiga texnik mag`lubiyat (-:+) yozildi. Uchrashuv davomida futbolchilarga ko`rsatilgan ogohlantirish va chetlatishlar o`z kuchida qoldiriladi.