Superliga 22-turida 3 ta printsipial o`yin bor. Ular bir vaqtda o`tadi

PEPSI Superliganing 21-turi yakuniga etgach, 22-tur uchun qiziqish yanada ortdi. 

“Neftchi” — “Qo`qon-1912” klublari o`rtasidagi vodiy derbisi printsipial ahamiyat kasb etadi. Agar qo`qonliklar kuchli oltilikka ilina olmasa, mazkur o`yinda qo`lga kiritilgan ochko sentyabrdan start oladigan Superliganing 2-bosqichi uchun ham ahamiyatli bo`ladi. Demak, o`yin ancha jiddiy.

“Buxoro” — “Lokomotiv” o`yini borasida ham shunday fikr bildirish mumkin. Mazkur jamoalar kuchli oltilikda ekani aniq bo`lgach, ular hozirdanoq keyingi bosqich sari qadam tashlashi shart. Ya`ni, ularning o`zaro o`yini natijasi turnir jadvaliga o`z ta`sirini o`tkazadi.

AGMK — “Metallurg” o`yini esa vodiyda bo`lib o`tadigan “Neftchi” — “Qo`qon-1912” uchrashuvi bilan o`zaro printsipiallik hosil qilgan. Demak, mazkur ikki uchrashuvning bir vaqtda start olishi maqsadga muvofiqdir. Zero, 22-turdan keyin oltilik bilan yo “Metallurg” yoki “Qo`qon-1912” klubi xayrlashishi kerak.

Shundan kelib chiqib, PFL AGMK — “Metallurg” o`yinini 17 avgust sanasiga ko`chirdi. Shu kuni bo`lib o`tadigan barcha uchrashuvlar “Sport” bilan avvalgi kelishuvdan kelib chiqib, 20:30 da start oladi.

18 avgust — shanba kuni esa yana 2 ta uchrashuv bo`lib o`tadi. Bunda PFL poytaxt Toshkentda bir kunda ikki uchrashuv bo`lib o`tmasligiga o`z e`tiborini qaratdi. Shuningdek, “Sport” telekanaliga qarashli KTS birinchi kuni Buxoroda bo`lsa, ertasiga Navoiyga yo`l oladi. Muxlislar uchun “Navbahor” futbolchilari Navoiyda qanday o`yin ko`rsatishi ham qiziq. Shundan kelib chiqib, uning efirga uzatilishi maqsadga muvofiq bo`ladi.

 

22-tur

17 avgust, juma

20:30 “Bunyodkor” — “So`g`diyona”

20:30 “Neftchi” — “Qo`qon-1912”

20:30 AGMK — “Metallurg”

20:30 “Buxoro” — “Lokomotiv”

 

18 avgust, shanba 

20:00 “Paxtakor” — “Nasaf”

20:00 “Qizilqum” — “Navbahor”

  

Shuni qo`shimcha qilish kerakki, har qanday formatda ham mavsumning borishiga qarab o`tkinchi o`yinlar chiqib kelishi mumkin. Biroq Superliganing ayni formatida esa har bir turda qiziqarli va printsipial o`yinlar soni avvalgilariga qaraganda ko`proq ekani e`tibor molik. Va bunday o`yinlarda nafaqat chempionlik yoki jon saqlash uchun kurashayotgan, balki turnir jadvalining o`rtasida yurgan klublar ham maydonga tushayotgani diqqatga sazovor.

mib
uzcard
cola
apex
bmb